«O‘zbekiston-Afg‘oniston» do‘stlik jamiyati tashkil etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida «O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlarida yangi davr» mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev, Afg‘oniston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Sayid Shahobiddin Timuriy, «O‘zbekiston-Afg‘oniston» do‘stlik jamiyati raisi, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rektori Abdurahim Mannonov, olimlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Afg‘onistonda 40 yildan ortiq vaqtdan beri notinch vaziyat hukm surmoqda. O‘zbekiston dunyo e’tiborini ushbu jarayonga qaratib, qo‘shni diyorda tinchlikka erishish orqali mintaqada barqaror taraqqiyotga erishish borasida qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirda ta’kidlanganidek, tashkil qilingan «O‘zbekiston-Afg‘oniston» do‘stlik jamiyati xalqlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish imkonini beradi.