Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov 17 sentyabr kuni Koreya Respublikasining ATU.Co.ltd investitsion kompaniyasi bosh ijrochi direktori Park Chong Eok bilan uchrashdi. Bu haqda «Zarafshon» gazetasi sayti xabar berdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib borayotgani ta’kidlandi. Samarqandda ham bugungi kunda koreyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgani va bu ishlar ko‘lami yildan-yilga kengayayotgani qayd etildi.

E.Turdimov ATU.Co.ltd investitsion kompaniyasi bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirib, kompaniyaning Samarqandda qurilish, chiqindini qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlarga oid investitsion loyihalari qo‘llab-quvvatlanishini ma’lum qildi.

Uchrashuvda Samarqand viloyati hokimligi va Koreya Respublikasining ATU.Co.ltd investitsion kompaniyasi o‘rtasida «Urgut — Samarqand» asosiy yo‘lining «URGUT — M39 HIGHWAY» qismida qurilish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Unga ko‘ra, Koreya kompaniyasi yuqori tezlikda harakatlanish imkoniyatini beruvchi Urgut avtomobil yo‘lini quradi. Zamonaviy texnologiyalar asosida bunyod etiladigan bu «aqlli yo‘l» «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi taraqqiyoti hamda hududning aholisi turmush tarzining o‘sishiga xizmat qiladi.

Mazkur loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi kelgusida tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada keng ko‘lamda davom ettirish imkonini berishini alohida qayd etdi.