Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Amirsoy tog‘-chang‘i kurorti 15 dekabr kuni ochiladi, deya xabar qildi shanba kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov loyiha taqdimotida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihani amalga oshirish jarayonini O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shaxsan o‘zi nazorat qilib bordi. U davlat Chimyonda infratuzilmalarni rivojlantirish — avtoyo‘llar, temir yo‘llar, elektr ta’minoti tarmoqlarini qurish va ta’mirlashni o‘z zimmasiga olganini ta’kidladi.

«Mazkur loyiha O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish uchun ulkan ahamiyatga ega. Bizda turizm qaysidir darajada mavsumiy hisoblanadi, ya’ni „yuqori“ va „past“ mavsumlar mavjud. Yozda sayyohlar oqimi pasayganini deyarli sezmaymiz, ammo qishki vaqtlarda turistlar oqimi bilan muammolar mavjud. Mazkur loyihaning ishga tushishi O‘zbekistonda turistik xizmatlarni diversifikatsiya qilishga imkon beradi va sayyohlik infratuzilmalarining yil davomida faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi», — dedi u.

Bosh vazir o‘rinbosari loyiha doirasida kesilgan har bir daraxt o‘rniga investor Chimyonda 100 tadan daraxt o‘tqazganini ma’lum qildi. «Biz ekologik nuqtai nazardan barcha talablarni bajardik», — dedi Aziz Abduhakimov.

PGI Management kompaniyasining biznes va loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha direktori Xesus Roka odamlar kurortga faqat boylar borishi mumkin, deb noto‘g‘ri o‘ylashlarini ta’kidlab o‘tdi. «Biz Amirsoy`ga faqat boy odamlar borishi va dam olishi mumkinligi haqidagi fikrlarni chiqarib tashlashni istaymiz. U hamma uchun. Narxlar hamyonbop bo‘ladi», — dedi u.

Kompaniya vakili 2,5 yil davomida olib borilgan izlanishlar hududda seysmologik xavflar past darajada ekanini ma’lum qildi.

Amirsoy bosh direktori o‘rinbosari Valeriy Kim loyihani amalga oshirish uchun kompaniya qanday tanlangani haqidagi savolga javob berar ekan, «PGI Management kompaniyasining o‘zi O‘zbekistonni topdi», — dedi.

«Ularda Yevropa kurortlarini yuritish bo‘yicha yaxshi tajriba bor, shuningdek MDH davlatlarida ham katta tajribaga ega. PGI Management ushbu tog‘larni (Chimyon — tahr.) ko‘rib, bu yerda zamonaviy kurort qurishni taklif qildi», — deya tushuntirish berdi u.

PGI Management vakili O‘zbekiston tog‘li hududlarida turistik xizmatlar iste’mol bozori hozircha kichik ekani, shuning uchun kompaniya narxlarni aholining keng qatlamlari uchun moslashtirish maqsadida ekanini ma’lum qildi. «Andorrada biz hukumat bilan maktab o‘quvchilari 10 kun davomida chang‘i sporti bilan bepul shug‘ullanishlari mumkinligini ko‘zda tutgan shartnomani imzolagan edik. O‘ylaymizki, birinchi mavsumda talabalar va o‘quvchilar uchun chegirmalar joriy etiladi», — dedi u.

Amirsoy tog‘-chang‘i kurorti Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 900 gektarga yaqin maydonni egallaydi. Loyihada jami masofasi 21,3 km ga yaqin bo‘lgan turli murakkablikdagi tog‘-chang‘i trassalari tarmog‘ini, 7 ta kanat yo‘li, snoubord-parki, sport maktablari, yashash uchun binolar va boshqa kurort infratuzilmalarini yaratish ko‘zda tutilgan. Loyihaning jami qiymati 100 mln yevroni tashkil etadi.

Birinchi bosqichda 3 km dan uzunroq 2 ta kanat yo‘li, 12,3 km lik turli murakkablikdagi 13 ta tog‘-chang‘i trassasi, 2 ta sun’iy ko‘l, vertolyot maydonchasi, sun’iy qor hosil qilish tizimlari, qishki tyubing, «shale» uslubidagi 21 ta inshoot, 2 ta restoran, instruktorlik maktabi va boshqalarni qurish ko‘zda tutilgan.