O‘zbekistonda kvinoa (kinoa) — so‘nggi yillarda foydali va quvvatli mahsulot sifatida ommalashib borayotgan qadimiy ekindan mo‘l hosil olindi. Kartoshka, makkajo‘xori va boshqa ekinlar singari vatani Janubiy Amerika hisoblangan kvinoa inklar davridayoq And xalqlarining asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan biri bo‘lgan.

«Kvinoa — yuqori ozuqaviy quvvatga ega qishloq xo‘jaligi ekini bo‘lib, uning tarkibidagi oqsil qariyb barcha o‘simlik oziq mahsulotlariga qaraganda ko‘proq», — deyiladi BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotida. BMT Bosh Assambleyasi 2013 yilni Xalqaro kvinoa yili deb e’lon qilgan edi.

2015 yilda Qurg‘oqchilik sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (International Center for Biosaline Agriculture, ICBA) Islom taraqqiyot banki moliyaviy yordami bilan O‘zbekiston fermerlariga ICBA genofondidan saralash yo‘li bilan olingan kvinoaning sho‘rlanish va qurg‘oqchilikka chidamli beshta navi urug‘larini taqdim etdi.

ICBA`ning Markaziy Osiyo va Kavkaz ortidagi koordinatori doktor Kristina Toderichning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda yaxshilangan navlar ilk bor turli agroekologik zonalar: Toshkent viloyati, Sirdaryo havzasidan tortib Qizilqumning qumli tuprog‘iga sinovdan o‘tkazildi. Asosiy e’tibor kam hosilli va yuqori darajada sho‘rlangan Orolbo‘yi yerlarida kvinoa yetishtirishga qaratildi.

«Qoraqalpog‘istonning 70−80 foiz hududi sho‘rlangan. Kvinoa — ko‘p suv ichmaydigan chidamli va kam xarajat ekin bo‘lib, murakkab agrar va ekologik sharoitlarga yaxshi moslashadi. Maqsadimiz qurg‘oqchil, sho‘rlangan va qishloq xo‘jaligi uchun yaroqsiz yerlarda kvinoani daromadli va ozuqaviy ekin sifatida sinashdan iborat edi», — dedi u.

Mazkur noan’aviy ekin aholining boshqa don mahsulotlariga qaramligini kamaytirish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin. Kvinoaning yashil biomassasi uy hayvonlari uchun yemish, poyasi esa o‘tin bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston sharoitida kvinoa 95−110 kunda yetishadi.

Uch yil davomida Nukus tumanining Shortanbay posyolkasida Qoraqalpog‘iston dalalarida kvinoaning beshta navi sinovdan o‘tkazildi. Qurg‘oqchil kelgan joriy yilda yarim gektar maydonda ulkan hosil olindi.

Sinovlar natijalari bo‘yicha fermerlar va uy xo‘jaliklari uchun kvinoa yetishtirish yuzasidan tavsiyalar va texnologiyalar paketi tayyorlanadi.