O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Surxondaryo viloyati Boysun tumani hokimi o‘rinbosari pora olayotganda ushlanganini ma’lum qildi.

Fuqarolar J.S va X.P.larning arizasi yuzasidan Boysun tumani Rabot massivida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, tuman kadastr bo‘limi mutaxassisi S.A., fuqaro J.S.dan, uning qarindoshi X.P.ning nomiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va bog‘dorchilikka mo‘ljallangan 0,30 ga lalmi yer uchastkasi ajratib berish evaziga 30 mln so‘m pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tadbir davomida S.A. yer ajratish bo‘yicha hujjatlarni tuman hokimiga imzolatishi uchun hokimning qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari M.Sh.ga 100 AQSH dollari berishi kerakligini, qilmishidan pushaymonligini bildirib, jinoyatini fosh etishda faol ishtirok etishini ma’lum qiladi.

Shunga asosan tezkor tadbir davom ettirilib, Boysun tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari M.Sh., tuman kadastr bo‘limi mutaxassisi S.A.dan 100 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.