AQSH O‘zbekistonda ilk bor xalqaro miqyosli ishbilarmonlik tadbiri — sakkizinchi an’anaviy Markaziy Osiyo savdo forumini o‘tkazadi, deya xabar qildi Qo‘shma Shtatlar elchixonasi matbuot xizmati.

AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi bilan tashkillashtirayotgan tadbir 17−18 oktabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadi.

Forumning «Savdo va investitsiyani rivojlantirishdagi yangi ufqlar» shiori mintaqaviy va hududiy savdoni rivojlantirish uchun Markaziy Osiyoning o‘sib borayotgan ochiqligini aks ettiradi, deyiladi xabarda. O‘tgan yili Qozog‘istonning Olma Ota shahrida o‘tkazilgan forum 18 mamlakatdan 1100 dan ortiq ishtirokchini birlashtirdi.

Forum bilan bir vaqtda savdo ko‘rgazmasi ham tashkil etilib, unda mintaqadagi barcha davlatlardan transport, turizm, axborot texnologiyalari, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta tayyorlash uskunalari taqdim etiladi.