O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining qayta rekonstruksiya qilinib, moddiy-texnik bazasi yangilangan yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev O‘zbekistonda sportga qaratilayotgan e’tibor, soha mutaxassislarini tayyorlashning dolzarb masalalari va universitetning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Tadbirda Belarus Respublikasi sport va turizm vaziri Sergey Mixaylovich Kovalchuk mehmon sifatida ishtirok etdi. Vazir Dilmurod Nabiyev Belarus Respublikasi bilan jismoniy tarbiya va sport sohasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha bir qator muhim kelishuvlarga erishilgani, xususan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida qishki sport turlari va gimnastika bo‘yicha trenerlar tayyorlab beradigan qo‘shma fakultetini tashkil etilishi va bitiruvchilarga qo‘shma diplom berilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 5 martdagi «Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport institutiga universitet maqomi berildi.

Shu asosda universitetning o‘quv binolari qayta rekonstruksiya qilinib, moddiy-texnik bazasi yangilandi. Universitet hududidagi binolar va inshootlarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish, jihozlash uchun 2018 — 2021 yillar davomida mablag‘lar bosqichma-bosqich ajratilishi belgilab qo‘yilgan.

Bugungi kunda universitetda iste’dodli yoshlarni saralab olish, respublika va xalqaro sport musobaqalarida olimpiya hamda milliy sport turlari bo‘yicha talabalar sport klublari va jamoalarini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Universitetda 5 ta fakultet mavjud bo‘lib, bakalavr bosqichida 3335 nafar, magistratura bosqichida 50 nafar talaba tahsil olmoqda. Shuningdek, 18 ta kafedra, 9 bo‘lim mavjud. Ta’lim-tarbiya va o‘quv jarayoni 333 nafar yuqori malakali mutaxassislar, jumladan, 21 nafar fan doktori, professor, 56 nafar fan nomzodi, dotsent tomonidan olib borilmoqda.

Ayni paytda universitetning 5 ta o‘quv binosi, 2 ta talabalar turar joyi, 2 ta oshxona va axborot-resurs markazi, manej, boks, taekvondo, og‘ir atletika, gimnastika va sport gimnastika zallari, tennis, nayza uloqtirish maydonlari, yozgi va qishki suzish havzalari, futbol o‘yingohi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Universitetda bugungi kunga qadar 30 mingga yaqin oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlangan. Talabalarning aksariyat qismi sport ustalari, xalqaro toifadagi sport ustalari, xizmat ko‘rsatgan sport ustalari unvonlariga sazovor bo‘lishgan. Ular mamlakatimiz terma jamoalari a’zolari tarkibida Olimpiada, Osiyo o‘yinlari va jahon chempionatlarida ishtirok etib kelishmoqda.

Kelajakda universitet hududida 1600 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar turar joyi, 600 o‘rinli o‘quv binosiga ega bo‘lgan gimnastika zali, 3 ta sport inshooti qurib bitkazish hamda futbol maydoni va uning ma’muriy binosini qayta rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.