Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi namunaviy mehmonxona qurish tashabbusi bilan chiqdi. Osonlashtirilgan sxema bo‘yicha qurilish uchun yer, shuningdek imtiyozli kreditlar berish orqali xususiy investorlarni loyihaga jalb etish taklif qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Chunonchi, 2018−2020 yillarda davlat-xususiy sheriklik shartlarida 100 ta, 2021−2022 yillarda esa 178 ta ob’ektni barpo etish taklif etilmoqda. Qurilish vazirligi ularning namunaviy loyihalarini ishlab chiqadi. Xususan, 8−50 xonali Turkiya mehmonxonalari tajribasi inobatga olinadi. Namunaviy loyihalar loyiha-smeta hujjatlari va ko‘rinishini o‘zgartirish imkoni berilgan holda investorlarga bepul taqdim etiladi.

Qurilish uchun yer elektron auksionsiz, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi rahbarligi ostidagi maxsus Respublika ishchi guruhining qarori asosida ajratiladi. Uchastkalar ro‘yxatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Yergeodezkadastr davlat qo‘mitasi bilan birgalikda belgilaydilar.

Uchastka olish uchun investor Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga ariza berishining o‘zi kifoya. Unda quyidagilarni ko‘rsatish talab etiladi:

  • ariza beruvchining F.I.O., pochta manzili va (yoki) yuridik shaxsning rekvizitlari;
  • qurilishi rejalashtirilayotgan kichik mehmonxonaning nomer fondi soni;
  • yer uchastkasining joylashgan joyi va o‘lchamlari (talab etilayotgan maydonni asoslagan holda);
  • qurilish ishlari boshlanadigan va yakunlanadigan taxminiy muddatlar;
  • investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun mo‘ljallanayotgan summa;
  • yaratiladigan yangi ish o‘rinlari soni.

Ariza 18 kun ichida ko‘rib chiqiladi. Boshqa hujjatlarni taqdim etish talab qilinmaydi.

Loyihada mehmonxonalarni barpo etish bo‘yicha quyidagi davlat-xususiy sheriklik shakllari nazarda tutilgan:

  • sohasini kamida 20 yil o‘zgartirmasligi, ko‘rsatkichlarni 3 ta tilda (o‘zbek, rus, ingliz) o‘rnatishi, shuningdek tutash hududni obodonlashtirishi, sh. j. yashil zonalarni barpo etishi sharti bilan kichik mehmonxonalar qurish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga bepul berish;
  • kichik mehmonxonalar qurish uchun yer uchastkalari yoki kichik mehmonxona etib rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun binolarni konsessiya (shartnoma) asosida berish;
  • bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlarini, shu jumladan faoliyat yuritmayotgan davlat mehmonxonalari binolarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda «nol» darajali xarid qiymatida realizatsiya qilish;
  • foydalanilmayotgan davlat binolarini xususiy sheriklarga ijara to‘lovining «nol» darajali stavkasida maqsadli foydalanish uchun berish;
  • xususiy sherikning mol-mulki bazasida tashkil etilgan kichik mehmonxonalarni moddiy-texnikaviy va moliyaviy ta’minlash.

Kichik mehmonxonalarni qurish sohasidagi davlat-xususiy sheriklik O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa shakllarda ham amalga oshiriladi.

Xususiy investorlarga davlat-xususiy sheriklik shakliga qarab quyidagi majburiyatlar yuklatiladi:

  • kichik mehmonxonalarni qurish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish;
  • tashkil etiladigan tashkilot xodimlari shtatini jalb qilingan xodimlar umumiy sonining kamida 90%i miqdorida O‘zbekiston fuqarolari orasidan to‘ldirish, ularga stajirovka o‘tash hamda malaka oshirish imkoniyatini yaratish;
  • turistlarning transport vositalaridan erkin foydalanishini ta’minlash;
  • ko‘rsatiladigan xizmatlarning turizm sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar va normativ hujjatlar, shuningdek, ekologik va atrof muhitni himoya qilish sohasini texnik tartibga solish talablariga mosligi;
  • davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarish.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.