Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, endilikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimlari 2018 yildan boshlab yetakchi ishlab chiqaruvchilar ishtirokida bir yilda ikki marotaba yarmarkalar tashkil etadi va ular doirasida qishloq xo‘jaligi texnikasini sotib olish uchun shartnomalar fevral-mart oylarida joriy yil uchun, sentyabr-oktyabr oylarida kelgusi yil uchun tuziladi.

Ushbu shartnomalar yakuni haqida Qishloq xo‘jaligi vazirligiga joriy yilning 1 apreli va 1 noyabridan kechiktirilmasdan axborot taqdim etiladi.

Qishloq xo‘jaligi texnikasini olishda uning qiymatining 20 foizi avans sifatida xaridorlar mablag‘lari hisobidan, 60 foizi maxsus jamg‘arma tomonidan moliyalashtiriladi.