O‘zbekiston Respublikasi bilan Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi (KAITJ) o‘rtasida imzolangan 30,0 mln AQSH dollari miqdorida qarz bitimi doirasida 138 km avtomobil yo‘li va 198 km suv ta’minoti tarmog‘i quriladi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Qurilish ishlari prezidentning 2018 yil 10 senyatbrdagi «Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida «Namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi yuzasidan qishloq massivlarida muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

Qurilishi mo‘ljallanayotgan ob’ektlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida joylashtiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, tegishli viloyatlarning hokimliklari Qurilish vazirligi bilan birgalikda loyihani amalga oshirish doirasida tashqi muhandislik tarmoqlari va transport kommunikatsiyalari qurilishi uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash tartibini belgilaydi.

Iqtisodiyot vazirligi tomonidan loyihani umumiy muvofiqlashtirish amalga oshiriladi. «Qishloq qurilish invest» IK" MCHJ ijro etuvchi mas’ul organ etib belgilandi.