Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov o‘zining Facebook sahifasi orqali jurnalistlarga murojaat qilib, birgalikda o‘qituvchilaning obro‘sini oshirishga harakat qilishga chaqirdi.

«Xalq ta’limi tizimidagi faoliyatimizning birinchi kunlarida maktablarda juda ko‘p muammolar yig‘ilib qolganligi, ular qolib ikkinchi darajali bo‘lgan forma haqida juda ko‘p muhokamalar bo‘layotgani haqida aytib o‘tgan edik.

Lekin, afsuski, xaligacha shu masala muhokamada. Menimcha, ushbu masalaga nuqta qo‘yish vaqti keldi", deydi Sherzod Shermatov.

Shuningdek u OAV xodimlaridan o‘qituvchilarning obro‘sinini to‘kishga emas, oshirishga harakat qilishlarini so‘ragan: «Jurnalistlardan iltimos, birgalikda o‘qituvchilarimiz obro‘sini oshirishga harakat qilaylik, obro‘sini to‘kishga emas. O‘zi shundoq ham yaxshi o‘qituvchi topish qiyin. Agarda qandaydir kiyimiga e’tiroz bo‘lsa uni ommaga muammo qilib ko‘rsatgandan ko‘ra o‘qituvchini o‘ziga aytib qo‘yish yaxshiroq bo‘lardi.

O‘zi umuman, televideniye orqali kimnidir ruxsatisiz tanqid qilinayotganda iqtisodiy rivojlangan davlatlardagidek imkoni boricha uni tanib bo‘lmaydigan qilib yuzini ko‘rsatmasdan amalga oshirish to‘g‘ri bo‘ladi, ayniqsa yosh bolalarga bu juda salbiy ta’sir qiladi", deya o‘z so‘zini yakunladi Xalq ta’limi vaziri.