14 sentyabr kuni O‘zbekiston davlat konservatoriyasining katta majlislar zalida Toshkent shahar va tuman Xalq deputatlari Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unda 330 dan ortiq deputatlar, jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdilar. Yig‘ilishni Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov olib bordi.

Yig‘ilish kun tartibida Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Artikxo‘jayevni Oliy Majlis Senati a’zosi sifatida saylash masalasi muhokama etildi.

Yashirin ovoz berish natijalariga ko‘ra, Toshkent shahar hokimi v.b. Jahongir Ortiqxo‘jayev Senat a’zosi etib saylandi.