2018 yil uchun tasdiqlangan Investitsiya dasturiga muvofiq, 60 ta bog‘cha yangidan qurilmoqda, 295 tasi rekonstruksiya qilinyapti, 176 tasi mukammal ta’mirlanmoqda. Mazkur maqsadlar uchun byudjetdan 771 milliard so‘m ajratilgan. Bu haqda «Ma’rifat» gazetasida e’lon qilingan maqolada ma’lumot berildi.

Tizimdagi islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida zarur qonun hujjatlari qabul qilindi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2016 yil 29 dekabrdagi «2017−2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori va 2018 yil fevraldagi «Davlat maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarining ayrim toifalari mehnatiga haq to‘lashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 25 iyundagi «Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori tasdiqlandi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 30 iyuldagi «Oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari hamda Oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati bo‘yicha ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risida nizomlarni tasdiqlash haqida"gi qaror va prezidentning 2018 yil 2 iyuldagi «Toshkent shahrida Puchon universitetini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Prezidentning 2018 yilning 8 avgustdagi qaroriga binoan, chekka tumanlarda MTMga ota-onalar to‘lovi miqdori 2023 yil 1 yanvarga qadar ikki baravarga pasaytirildi.

Tarbiyachilarning oliy ma’lumot olishi uchun qulay imkoniyat yaratish, tizimda tadbirkorlik qilishni istaganlar uchun imtiyozlar berish borasidagi sa’y-harakatlar natijasida 2018 yilning avgust oyi holatiga MTMga bolalar qamrovi 2016 yildagi 27,1 foizdan 33,8 foizga, nodavlat MTMlar soni 262 tadan 541 taga, davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalar tashkil etish bo‘yicha tadbirkorlar bilan tuzilgan bitimlar 744 taga yetdi.