O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari 2018 yilda 1,8 trln so‘mga yaqin to‘lov-kontrakt mablag‘lariga ega bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, raqamlar 2017 yildagi 1,21 trln so‘mga qaraganda 48 foizga ortishi mumkin. O‘tgan yili bazaviy kontraktlardan tushum 747 mlrd so‘mni (joriy yilda 940 mlrd so‘m bo‘lishi kutilmoqda), OTMlarga 469 mlrd so‘mlik (650 mlrd) oshirilgan kontrakt to‘langan.

Kontraktlarning ikki karra oshirilishidan OTMlar yana 210 mlrd so‘mga ega bo‘lishi mumkin.

«Mazkur mablag‘lar OTMlarhisob raqamlariga tushib, kelgusida o‘zlarining yanada rivojlanishlari uchun sarflanadi», — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Aziz Abduhakimov o‘tish balini to‘play olmagan abituriyentlar superkontraktning ikki barobarini to‘lab OTMlarga qabul qilinishlari mumkinligini ham ta’kidlab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda nazorat qilinmaydigan xavflar yo‘q.

Bosh vazir o‘rinbosari superkontraktlar narxi juda qimmat ekanini tan oldi. «Superkontraktlar narxini optimallashtirish kerak. Chuqur tadqiqotlar o‘tkazilishi kerak: superkontraktlar narxi qancha bo‘lganida OTMlar ta’lim sifatini saqlagan holda ko‘proq resurslarni jalb qilishi mumkin», — dedi Aziz Abduhakimov.