Pokistonning «MIDAS Group» kompaniyasi ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat delegatsiya Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Mehmonlarni viloyat hokimining o‘rinbosari B.Nurullayev hamda viloyat ommaviy axborot vositalari vakillari kutib oldi. Bu haqda «Zarafshon» gazetasi sayti orqali xabar berildi.

Mazkur kompaniya Pokistonning kommunikatsiya, reklama va axborot xizmatlarining eng yirik tarmog‘i hisoblanadi. Ular tashrifining asosiy maqsadi Samarqanddagi mavjud qadamjo va tarixiy obidalar haqida film yaratish. Bu orqali esa pokistonlik sayyohlar sonini oshirish, Samaqandning erkin iqtisodiy zonalariga investitsiya kiritish va hamkorlikda ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘yish, eng muhimi, tovar ayirboshlashni yuqori darajaga olib chiqishdan iborat.

— Yurtingizga tashrifimiz faqat bir maqsadga qaratilgan, u ham bo‘lsa do‘stona hamkorlikda ishlash va istiqbolli rejalarni amalga oshirish, — deydi «MIDAS Group» kompaniyasi rahbari Ashfaq Ahmad Gondal. — Buning uchun respublikangizning har bir hududida yetarli sharoit bor. Eng muhimi, davlatingiz rahbari bildirayotgan ishonch va berayotgan imkoniyatdan mamnunmiz. Biz Toshkent, Buxoro va Xorazmda ham bo‘ldik va shunga amin bo‘ldikki, Samarqandning mahobatli va jozibali obidalari boshqa joyda uchramaydi. Urf-odat va an’analari, ayniqsa, nonlarining ta’mi tahsinga loyiq.