«Toshshahartransxizmat» kompaniyasi 2019 yilda shahar jamoat transportida elektron to‘lov tizimini joriy etadi. Joriy yil oxiriga qadar tizimni joriy etish bilan shug‘ullanuvchi kompaniya tanlab olinishi kerak, deya xabar qildi kompaniya boshqaruvi raisi Mohirxo‘ja Valiyev seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Elektron tizim joriy etilishi bilan haydovchilarning tushumni topshirish bo‘yicha kunlik rejasidan voz kechish imkoniyati paydo bo‘ladi.

«Hozirgacha Sobiq Ittifoq tizimi bo‘yicha ishlayapmiz. Bu muammoni juda qisqa muddatda hal qilishimiz kerak. Elektron tizimni joriy etganimizda, 70 foiz masalani hal qilgan bo‘lardik, chunki haydovchida reja bo‘lmaydi. Qayd qilingan oylik belgilanib, 30−40 foizga oshiriladi», — dedi Mohirxo‘ja Valiyev.

Elektron tizimning joriy etilishi tariflarni optimallashtirishga ham xizmat qiladi. «Hozirgi tariflar 2016 yil aprelidan buyon o‘zgargani yo‘q. Uchinchi yildirki tarif 1200 so‘m darajasida qayd etilgan, axir bu ijtimoiy masala. Boshqa sohalarda narxlar oshdi. Eng kam ish haqi ham 50 foizga ko‘tarildi. Hozirgi tarif 1800 so‘m atrofida bo‘lishi kerak. Kompaniya daromadlari past, xarajatlari esa ortishda davom etayapti», — dedi u.

Boshqa mamlakatlarda tarifni 1259 so‘m 19 tiyin etib belgilash mumkin. Nima uchun? Chunki ularda elektron to‘lov tizimi bor. Bizda hozirda validator konduktorga biriktirilgan. Bu noto‘g‘ri", — dedi Mohirxo‘ja Valiyev. Konduktorning ham naqd pulni qabul qilib, ham yo‘l kirani yechib olish uchun validatordan foydalanishi bo‘yicha sinovdagi hozirgi tizim shu oyda nihoyasiga yetadi.