O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 12 sentyabr kuni rasmiy tashrif bilan Toshkentga keldi, deya xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Tashrif doirasidagi asosiy tadbirlar 13 sentyabr kuni Ko‘ksaroyda rasmiy kutib olish marosimi bilan boshlandi.
Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko avval tor doirada muzokara o‘tkazdi.
Davlat rahbari oliy martabali mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston bilan Belarus samimiy do‘st va ishonchli sherik ekanini ta’kidladi.

«2016 yil Samarqanddagi uchrashuvimizda davlatlararo munosabatlarni har tomonlama mustahkamlashga kelishib olgandik. O‘tgan ikki yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik xalqlarimizni quvontiradigan darajaga yetdi. O‘zaro tovar ayriboshlash hajmi 2017 yil yakunlari bo‘yicha 60 foizdan ziyod o‘sdi. Joriy yilning yanvar-iyul oylarida esa qariyb 4 barobar oshdi. Bunday natijalar hech qachon bo‘lmagan. Bu o‘zaro hamkorlik uchun ulkan salohiyat borligidan, odamlarimiz bir-birini sog‘inganidan dalolat beradi. Mamlakatlarimiz iqtisodiyoti bir-birini to‘ldiradi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Belarus prezidenti taklif uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirdi.

«Sizning rahbarligingizda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovor, — dedi Aleksandr Lukashenko. — Ham ichki, ham tashqi siyosatda oqilona o‘zgarishlar qildingiz. 33 million aholiga ega gigant mamlakatni to‘g‘ri yo‘ldan olib boryapsiz. Qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni mustahkamladingiz. Ushbu muvaffaqiyatli siyosiy kurs bilan Sizni tabriklayman. Biz yaxshi bilgan va o‘zaro manfaatli bo‘lgan barcha sohalarda hamkorlik qilishga, tajriba almashishga tayyormiz».

Muzokarada O‘zbekiston bilan Belarus o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikka doir keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi. O‘zbekiston bilan Belarus o‘rtasidagi siyosiy muloqotni mustahkamlashga, o‘zaro manfaatli sohalardagi aloqalarni izchil rivojlantirishga kelishib olindi.

Xalqaro va mintaqaviy jarayonlar yuzasidan fikr almashilar ekan, bugungi kundagi dolzarb masalalar bo‘yicha tomonlarning pozitsiyasi mos kelishi tasdiqlandi. Davlat rahbarlari BMT, MDH va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Aleksandr Lukashenko Shavkat Mirziyoyevni o‘zi uchun qulay vaqtda Belarusga tashrif bilan borishga taklif etdi.