O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 sentyabr kuni imzolagan qarorda Hududlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish komissiyasini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Hujjatda hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va investitsiyalar, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun maksimal darajada qulay shart-sharoitlar yaratish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar qator tizimli muammo va kamchiliklarga duch kelayotgani tan olingan.

Yangidan tashkil etilgan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari, investitsiyalarni jalb etish, iqtisodiyot va tadbirkorlikni, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini hamda turizmni rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lgan hokim o‘rinbosarlari tomonidan tadbirkorlarning dolzarb muammolarini hal etishga, hududlarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga, shuningdek, mavjud salohiyatdan maksimal darajada foydalanishga ko‘p hollarda beparvo munosabatda bo‘linayotganligi kuzatilmoqda, deyiladi qarorda.

«Respublika va joylardagi davlat boshqaruvi organlarida keng tarqalgan va bartaraf etilmayotgan tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini ko‘rib chiqish va amalga oshirish, zarur ishlab chiqarish ob’ektlari, yer uchastkalari va kredit mablag‘larini ajratish, muhandislik-kommunikatsiya va boshqa infratuzilma ob’ektlarini yaratish masalalarini hal etishdagi sansolarlik, byurokratizm va to‘siqlar bilan bog‘liq holatlar tadbirkorlik sub’ektlarini hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga faol jalb etish, yalpi hududiy mahsulot hajmini oshirish, sanoat ishlab chiqarishini kengaytirish va xizmatlar sohasini rivojlantirishni ta’minlamayapti», — ta’kidlanadi hujjatda.

Qayd etilishicha, joylardagi vakolatli davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslarining malakasi va amaliy tajribasi yetarli darajada emasligi, respublika davlat boshqaruvi organlari tomonidan ular faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish ishlarining sustligi qabul qilinayotgan qarorlarning samarali ijro etilishiga va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Qarorga muvofiq, komissiya 10 kunda kamida bir marta joylardagi davlat organlari va tashkilotlari darajasida hal qilinmagan muammoli masalalarni ko‘rib chiqish hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan mavjud byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish bilan shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar, shu jumladan, davlat organlari va tashkilotlariga manzilli topshiriqlar nazarda tutilgan qarorlar ijrosi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirish uning asosiy vazifalaridan etib belgilandi.

Hududiy guruhlar tomonidan chuqur tahlil asosida aniqlangan tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirishdagi byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish maqsadida qonunchilikni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish belgilandi.

Quyidagilar hududiy guruhlarning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi holatini, shu jumladan, muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish va boshqa infratuzilmani o‘rganish, shuningdek, ularni, shu jumladan, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tijorat banklari mablag‘larini jalb etgan holda yanada rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish;
  • hududlarning ehtiyoji va salohiyatidan (resurs, tabiiy-iqlim, mehnat va boshqalar) kelib chiqib, investitsiya kiritishni talab etadigan istiqbolli loyihalarni, shuningdek, bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlari va yer uchastkalarini o‘rganish va aniqlash;
  • tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va tegishli hududda amalga oshirish taklif qilinayotgan istiqbolli loyihalarni tezkor ko‘rib chiqish choralarini ko‘rish, salohiyatli investorlar bilan muzokaralar va uchrashuvlar o‘tkazish;
  • tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini, shu jumladan, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tijorat banklarining kredit liniyalari hisobidan amalga oshirishda tijorat banklarining ishtirokini ta’minlash;
  • bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlari va yer uchastkalarini auksion savdolariga qo‘yish bilan bog‘liq masalalarning tezkorlik bilan hal etilishini ta’minlash;
  • joylarda davlat organlari va tashkilotlari darajasida hal qilinmagan tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq muammoli masalalarni, shuningdek, zarur hollarda, istiqbolli tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflarni Komissiyaga kiritish;
  • vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari direksiyalarining tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish.

Hududiy guruhlar moliyalashtirish manbalarini (mahalliy byudjet, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning tegishli faoliyat sohalari bo‘yicha byudjetdan tashqari jamg‘armalari) aniqlagan holda, davlat organlari va tashkilotlari zimmasiga tegishli hududda amalga oshirish uchun tavsiya etilayotgan salohiyatli loyihalar bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun shartnoma asosida loyiha tashkilotlarini jalb etish yuzasidan majburiyatlarni yuklash huquqiga ega.

Tegishli hududda, shu jumladan, bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlari va yer uchastkalaridan foydalangan holda amalga oshirish uchun tavsiya etilayotgan salohiyatli loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining veb-saytlarida va Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda joylashtiriladi, shuningdek, televideniyeda e’lon qilinadi.

Qarorda O‘zbekiston muhandislar-konsultantlar uyushmasini tashkil etish to‘g‘risdagi taklif ma’qullandi. Uning asosiy vazifalari loyiha, injiniring va konsultatsiya xizmatlarini rivojlantirish, uyushma a’zolarini istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha faoliyatga jalb etish, uyushma a’zolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish, xalqaro moliya institutlari hisobidan moliyalashtiriladigan muhandislar-konsultantlar, loyihalarni amalga oshirish guruhlari xodimlarining malakasini oshirish va boshqalardan iborat.

Bundan tashqari, xorijiy hamkorlarni jalb etgan holda ixtisoslashtirilgan investitsiya kompaniyasini tashkil etish rejalashtirigan bo‘lib, investitsiya kompaniyasi investorlar, shu jumladan, xorijiy investorlar resurclarini jalb etishi, investitsiya kompaniyasi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar ustav kapitalida ularning samaradorligi va daromadliligi ko‘rsatkichlarini oshirish uchun ishtirok etishi, investitsiya kompaniyasi bo‘sh mablag‘larining respublika hududlaridagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun joylashtirilishi, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish uchun mahalliy va xorijiy konsultantlar jalb etilishi nazarda tutilgan.