Chorshanba kuni O‘zbekistonda KFC xalqaro umumiy ovqatlanish tarmog‘ining birinchi restorani ochildi. U Toshkentdagi Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida joylashgan.

Yum! Brands (KFC) franchayzing hamkori International Food Chain kompaniyasi matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, restoran menyusidan KFCning barchar asosiy taomlari — snek va sandvichlardan tortib basket va desertlargacha o‘rin olgan. 97 kishiga mo‘ljallangan restoran har kuni 7:00 dan 23:00 gacha ishlaydi.

«Biz biznes uchun juda katta imkoniyatlarga ega O‘zbekistonda faoliyatimizni boshlaganimizdan juda mamnunmiz. Ko‘rib turibmizki, O‘zbekiston izchillik bilan rivojlanmoqda: yangi korxonalar paydo bo‘lmoqda, madaniyat markazlari ochilmoqda, hayotning turli jabhalariga ilg‘or yangiliklar joriy etilmoqda. Biz, KFC, mazkur jarayonning bir qismi bo‘lish va shaharliklar hayotiga yorqin ta’m va ijobiy hissiyotlarni olib kirishni istaymiz», — dedi KFCning Rossiya va MDH bo‘yicha bosh direktori Raisa Polyakova.

O‘zbekistondagi KFC restoranlari, boshqa restoran tarmoqlari kabi, oziq-ovqat xavfsizligi va sifatining yuqori standartlarini qabul qilgan: mahsulotlar ishlab chiqarish, saqlash, yetkazib berish, tayyorlanish va taomlar servirovkasi vaqtida ko‘p bosqichli nazoratdan o‘tadi. KFC yetkazib beruvchilarni saralashni o‘ta sinchkovlik bilan amalga oshirib, barcha hamkorlik davrida ular faoliyatini nazorat qiladi. Ovqatlarni tayyorlashda KFC restoranlari faqatgina butun tovuqdan foydalanadi, deyiladi xabarda.

«Toshkentda birinchi KFC restoranining ochilishi biz uchun ham, shaharliklar uchun ham muhim hodisa. International Food Chain kompaniyasi KFC restoranlari faoliyatini oziq-ovqat xavfsizligi va mehmonlarga xizmat ko‘rsatishning yuqori standartlari asosida tashkil etadi. Yil oxiriga qadar biz Yum! Brands (KFC) bilan birgalikda Toshkentda yana bir qancha restoranlarni ochishni rejalashtirmoqdamiz, u yerda har bir mehmon didiga mos taomni topadi va shinam muhitda vaqtini qulay o‘tkaza oladi. Hozirdanoq biz faollik bilan xodimlarni saralayapmiz, ular xalqaro me’yorlar va KFC standartlari asosida tahsil olishadi», — dedi International Food Chain bosh direktori Qayum Haydarov.

Birinchi bosqichda O‘zbekistondagi KFC restoranlari mahsulotlarning katta qismini to‘liq hajmda yetkazib berilishi, restoranlarning sifatli va uzluksiz faoliyat ko‘rsatishi uchun MDH davlatlaridan import qiladi. Kelgusida KFC va International Food Chain mahalliy yetkazib beruvchilar bilan ham ishlashni maqsad qilgan bo‘lib, hozirdanoq mazkur jarayonni tashkil etish ustida ish olib borilmoqda.

O‘zbekistondagi barcha KFC restoranlarida faqatgina halol mahsulotlar, jumladan tovuq, kartoshka fri va souslardan foydalaniladi. Menyudan turli narx toifalaridagi keng assortiment o‘rin oladi.