«Toshshahartransxizmat» kompaniyasi 2018−2019 yillar davomida 550 dona past polli SamAuto LE 60 va MAN (siqilgan gazda harakatlanadigan) avtobuslarini sotib oladi. Bu haqda kompaniya raisi Mohirxo‘ja Valiyev seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Avtobuslar konditsioner va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun apparellar bilan ta’minlanadi. 160 ta mashinadan iborat (80 ta LE 60 va 80 ta MAN) birinchi partiya noyabrda, yana 200 ta avtobus — 10 ta LE 60 va 190 ta MAN 2019 yilda yetkazib beriladi.

Joriy yildan avtobuslar konditsionerlar bilan ta’minlanadi. «Avvalroq bunday bo‘lmaganidan afsusdamiz, biroq kelgusi yozdan konditsionerlar ishlaydi», — dedi Mohirxo‘ja Valiyev.

Katta miqdordagi MAN avtobuslari sotib olinayotgani munosabati bilan mazkur kompaniyaning yirik xizmat ko‘rsatish markazi ham ochiladi.

«Toshshahartransxizmat» rahbari BMT Taraqqiyot dasturi bilan jamoat elektrobuslari tizimini joriy etish to‘g‘risida muzokaralar olib borilganini ma’lum qildi.

«Biz 10−15 ta elektrobusni ishga tushirishni ko‘zda tutuvchi loyiha ustida ishlamoqdamiz. Ular hozirgi avtobuslar o‘rnini egallamaydi, balki alohida yo‘nalishlar ochiladi. Mazkur ekologik transport uchun infratuzilma zarur. Loyihaning bir qismi BMT TD tomonidan moliyalashtiriladi», — dedi u.

Bundan tashqari, Mohirxo‘ja Valiyev O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi bilan maktab avtobuslari loyihasi ishlab chiqilayotganini ham ta’kidlab o‘tdi.