AQSHning xalqaro diniy erkinlik masalalari bo‘yicha elchisi Sem Braunbek 17−19 sentyabr kunlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi, deya xabar qildi AQSH Davlat departamenti matbuot xizmati.

U «diniy erkinlik sohasidagi siyosat borasidagi ijobiy qadamlar"ni muhokama qilish uchun hukumatning yuqori lavozimli vakillari bilan uchrashadi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning din va e’tiqod erkinligi sohasidagi xalqaro majburiyatlarining bajarilishini kafolatlovchi qonunchilikdagi islohotlar ko‘rib chiqiladi.

AQSH elchisi Pamela Spratlenning Twitter orqali ma’lum qilishicha, bu AQSHning e’tiqod erkinligi masalalari bilan shug‘ullanuvchi yuqori lavozimli amaldorining so‘nggi o‘n yillikdagi ilk tashrifi hisoblanadi.

Sem Braunbek Toshkentga YeXHTning inson huquqlari masalalarini ko‘rib chiquvchi yirik mintaqaviy anjumani — insoniy o‘lchovlar sohasidagi majburiyatlarning bajarilishini ko‘rib chiqish bo‘yicha yillik Yig‘ilishi bo‘lib o‘tayotgan Polshadan yetib keladi.