2018−2019 o‘quv yili davomida Xorazm, Farg‘ona, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari tarbiyalanuvchilari uchun zamonaviy autsorsing xizmati (ishonchli shartnomaviy xizmat ko‘rsatish) yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu hududlardagi tadbirkorlar tanlovlarda ishtirok etib, daromad olishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur hududlarda to‘plangan tajriba va o‘tkazilgan sinovlar natijadorligidan kelib chiqib, autsorsing xizmati kelgusida vazirlik tizimidagi barcha ta’lim muassasalarida joriy etiladi.

Xabarda aytilishicha, sportchi uchun eng muhim jihatlardan biri qat’iy nazorat qilinadigan kaloriyali ovqatlanish ratsioni hisoblanadi. Bugungi kunda aksariyat ta’lim muassasalarida yosh sportchilarimizni ovqatlantirishda ma’nan eskirgan tizimdan foydalanilmoqda. Shu sababli vazirlik tomonidan mazkur jarayonga zamonaviy ilg‘or tajribalarni joriy etish rejalashtirilmoqda.