Navoiy viloyatida mahallada joylashgan aholi xonadonlari birma-bir o‘rganilib, oilalardagi mavjud ijtimoiy muammolarni hal etish borasida kompleks chora-tadbirlar ko‘rilganligi natijasida umumiy jinoyatlar soni 821 taga yoki 37,4 foizga, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar esa, 348 taga yoki 30,4 foizga kamaydi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Shu yilning 27 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida turli masalalarni kompleks o‘rganib chiqish va bartaraf etish maqsadida prezident ko‘rsatmasiga binoan, respublika Bosh prokurori va Ichki ishlar vazirining qo‘shma farmoyishi asosida Ichki ishlar vaziri, general-mayor Po‘lat Bobojonov rahbarligida ishchi guruh tuzilgan edi. Mazkur guruh 4−6 sentyabr kunlari Navoiy viloyatining barcha shahar va tumanlarida bo‘lib, u yerda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Ichki ishlar vaziri Navoiy shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 1-sonli ichki ishlar bo‘limi binosining tantanali ochilish marosimida ishtirok etib, xizmat faoliyatida foydalanish uchun ajratilgan yangi xizmat avtomashinalarini topshirdi.

Shu bilan birgalikda, 2, 3 va 4-sonli ichki ishlar bo‘limlarida ham bo‘lib, xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi hamda 4-sonli ichki ishlar bo‘limi hududida joylashgan ayollar va bolalar boks to‘garagi a’zolariga sport anjomlarini topshirdi.

O‘rganishlar davomida Ichki ishlar vaziri Uchquduq va Tomdi tumanlari hamda Zarafshon shahar ichki ishlar bo‘limlarida bo‘lib, ularda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ahvoli, har bir xodimning sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini to‘laqonli darajada anglab yetganligi va ularni hayotga tatbiq etishdagi daxldorlik hissi, shu bilan birga, fuqarolar bilan muloqotda belgilangan tartib-taomillarga rioya etish va xushmuomala bo‘lish, shuningdek, xizmat faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlar va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarning asl sabablari o‘rganildi.

Mazkur tumanlarning har birida vazir tomonidan rahbar va xodimlar ishtirokida tezkor yig‘ilishlar o‘tkazilib, ishni tashkil etish ahvoliga baho berildi, jinoyat va huquqbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi har qanday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha shaxsiy tarkibga aniq vazifalar berildi.

Shuningdek, Uchquduq tumanida joylashgan «Kelajak yoshlar markazi» binosiga tashrif buyurib, undagi sport, san’at va boshqa sohalarda yuqori natijalarga erishayotgan yoshlar bilan suhbatlashib, kelgusi faoliyatida bundan-da yuqori marralarni zabt etishda muvaffaqiyat tiladi.

Shu bilan birga, Karmana tumanida yangi innovatsion loyiha asosida qurib bitkazilgan «Xavfsiz piyodalar yo‘lakchasi» bilan ham tanishib, mazkur qurilmani yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘zining fikr-mulohazalarini bildirdi.

Uch kun davom etgan sohaviy o‘rganishlarning yakuniy hisoboti sifatida 6 sentyabr kuni viloyat IIBda Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov boshchiligida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, viloyat hokimligi va ichki ishlar organlari mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Viloyatda joriy yilning sakkiz oyi mobaynida jinoyatchilikning keskin kamayganligiga qaramasdan, ayrim hududlarda kriminogen vaziyat biroz og‘irlashganligi yig‘ilish ishtirokchilarining e’tiborini qaratdi. Xususan, viloyatdagi 215 ta yoki 70 foiz mahallada jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilib, deyarli har beshinchi mahallada jinoyat sodir etilishining oshganligi qattiq tanqid qilindi.

Ayniqsa, Navoiy shahridagi 6 ta mahallada sodir etilgan jinoyatlar shahardagi jami jinoyatlarning 37 foizini, Zarafshon shahrida esa, 2 ta mahalladagi jinoyatlar soni 40 foizni tashkil etganligi bois, Navoiy va Zarafshon shaharlaridagi «Me’mor», «Umid», «Kimyogar», «Ishonch», «Chinor», «Matonat», «Alisher Navoiy» va «Oltin vodiy» mahallalarida jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar ishlab chiqish lozimligi belgilandi.

Bundan tashqari, viloyatda amalga oshirilayotgan qator ishlarga qaramasdan, joriy yilning sakkiz oyi mobaynida sodir etilgan jinoyatlar har 100 ming aholi soniga nisbatan hisoblanganda respublikada uchinchi o‘rinni egallayotganligi bayon qilinib, bir qator tumanlarda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar salbiy baholandi.

Shuningdek, so‘nggi ikki oy davomida viloyatda sodir etilgan jinoyatlar soni yil boshida qayd etilgan jinoyatlarning 29 foizini tashkil etib, ayniqsa Nurota va Xatirchi tumanlarida keyingi ikki oy davrida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha qilingan ishlar samarasiz bo‘lganligi yig‘ilishda qayd etildi.

O‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar sodir etilishining asosiy sababi jinoyatni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar bilan muntazam ravishda profilaktik ishlar olib borilmaganligi qayd etilib, bu borada Xatirchi tumanida ilgari sudlangan shaxslar bilan, Qiziltepa tumanida esa doimiy ishga muhtoj fuqarolar bilan belgilangan tartibdagi ishlar tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmaganligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yilning 27 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida barcha hududlarda «Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati» tizimini joriy etish lozimligi belgilanganligiga qaramasdan, viloyat ichki ishlar organlari tomonidan jinoyatlarni keng aholi ishtirokida muhokama qilish va ularning kelgusida takrorlanmasligi bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash ishlarida kamchiliklar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyat ichki ishlar organlarida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash ishlariga alohida e’tibor qaratilmasdan kelinayotganligi sababli joriy yilning sakkiz oyi davomida viloyatda sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari soni 33,6 foizga oshib ketganligi, oqibatda 41 nafar fuqaro hayotdan bevaqt ko‘z yumganligi va yana 136 nafari turli darajada tan jarohati olganligi qayd etildi. Shu bilan birga, yo‘l-patrul xizmati xodimlari faoliyati ustidan shikoyatlar kelib tushayotganligi tanqid qilinib, viloyat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tizimida vaziyatni keskin yaxshilash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, murojaatlarni ko‘rib chiqish va hal etishga yuzaki yoki rasmiyatchilik bilan yondoshish holatlariga chek qo‘yilmaganligi sababli viloyat ichki ishlar organlari faoliyatiga oid kelib tushgan 6 ming 552 ta murojaatlarning 2 003 tasi yoki har uchinchisi aholiga pasport xizmatlarini ko‘rsatish masalalariga doir ekanligi, ularni ko‘rib chiqishda esa qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganligi qattiq tanqid ostiga olindi.

Kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, xodimlarning xizmat intizomini yaxshilash borasidagi kamchiliklarga barham berilmaganligi sababli bois viloyat bo‘yicha jami 226 nafar xodimlar intizomiy, 6 nafari esa jinoiy javobgarlikka tortilganligi aytib o‘tildi.

Yig‘ilish davomida sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini to‘laqonli darajada anglab yetmasdan, bugungi kun talablariga javob bermaydigan, hanuzgacha eskicha ish uslubi bilan ishlayotgan Xatirchi tumani IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari N.Ashurov, Nurota tuman IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M.Fayzullayev, Konimex tumani IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari N.Islamov, Navoiy shahar bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘ining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari B.Xolikulov, Viloyat IIB Transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari R.Adizov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, faoliyatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, xizmat vazifalarini bajarishga mas’uliyat bilan yondashmagan bir qator rahbar va xodimlarga turli darajadagi intizomiy jazo choralari ko‘rildi.

Yig‘ilish so‘ngida viloyat ichki ishlar organlarida ish sifatini yaxshilash, jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda boshqa muhim masalalar bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Ishchi guruh o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.