O‘zbekiston prezidenti 5 sentyabr kuni xalq ta’limi tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini o‘z ichiga olgan qarorni imzolagan edi.

Qarorda 2019 yil 1 fevralga qadar «O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Unda quyidagilar o‘rin oladi:

  • o‘qituvchi maqomi va pedagogik faoliyat tamoyillarini aniqlash;
  • o‘qituvchilar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;
  • o‘qituvchi sha’ni va qadr-qimmati himoyasini kafolatlash, jumladan o‘qituvchilarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb qilishni taqiqlash, aybdor shaxslarni javobgarlikka tortishni kuchaytirish;
  • ijtimoiy ta’minot va individual pedagogik faoliyat huquqini mustahkamlash;
  • o‘qituvchilarning kasbiy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida ularning uyushma va boshqa tashkilotlarga birlashish huquqlarini belgilash.

2019 yil 1 yanvarga qadar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning iqtidorli farzandlarini nodavlat ta’lim muassasalariga bepul qabul qilish qoidalari tasdiqlanadi. Ularga o‘quvchilar kontingentining eng kamida 10 foizi ajratiladi.

Bosqichma-bosqich yangi ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari, jumladan STEAM (ilm-fan, texnologiya, muhandislik, san’at va matematika) uslubi joriy etiladi. Tashkiliy tadbirlar 1 dekabrga qadar amalga oshiriladi.

O‘zbekiston o‘quvchilar bilimlari darajasini baholash bo‘yicha xalqaro dastur va tadqiqotlar: PISA — 15−16 yoshli o‘quvchilarning matematik savodxonligi, o‘qish va tabiatshunoslik bo‘yicha savodxonligi, TIMSS — 4- va 8- sinf o‘quvchilarining matematik va tabiiy fanlardan savodxonligini baholash va PIRLS — boshlang‘ich maktablar o‘quvchilarining o‘qish va matnlarni tushunish darajasi va sifatini baholashda ishtirok etadi. Tayyorgarlik ishlari 2019 yil 1 yanvargacha davom etadi.

Bundan tashqari, mamlakat maktablarda o‘qituvchilarning mehnat sharoitlarini baholash bo‘yicha TALIS Xalqaro o‘qitish va ta’lim tadqiqot tizimida ham ishtirok etadi.

1 dekabrga qadar Xalq ta’limi, Ichki ishlar vazirliklari va Bosh prokuratura bilan hamkorlikda umumta’lim muassasalarida bolalar o‘rtasida ta’qib va zo‘ravonlik (bulling) holatlariga barham berish va profilaktikasini olib borish choralari ko‘riladi.

Maktablar 2021 yil so‘ngiga qadar 10 Mbit/s dan kam bo‘lmagan tezlikdagi internet bilan ta’minlanadi.

2020 yil 1 yanvarga qadar jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqamlarini o‘zlashtirish orqali o‘quvchilarni identifikatsiyalash joriy etiladi, ular bank va boshqa tizimlar bilan integratsiya qilish imkoniyatiga ega o‘quvchilarning identifikatsion kartalari (ID-karta, NFC-qayd va boshqalar) bilan ham ta’minlanadi.

1 noyabrdan sinov tariqasida Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida «pul o‘quvchi ortidan boradi» tamoyili bo‘yicha ishlovchi maktablarni moliyalashtirishning yangi vaucher tartibi joriy etiladi. Mazkur tajriba 2019/2020 o‘quv yilidanoq butun respublikaga joriy etilishi mumkin.

Xalq ta’limi vazirligining amaldagi «ishonch raqami» bazasida maslahat berish va jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini qabul qilish bo‘yicha call-markaz va «tezkor aloqa» shakllantiriladi.

2018−2020 yillarda umumta’lim muassasalarida xorijiy tillarni o‘qitish kengaytiriladi. Rus, ingliz, fransuz va nemis tiliga ixtisoslashgan maktablarni ochish rejalashtirilgan. Xorijdan mutaxassislarni jalb qilish va chet tillardagi darsliklarni chop etish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, rus tili va adabiyoti sohasida pedagog kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash uchun O‘zbekistonda Rossiya oliy ta’lim muassasalari filiallarini ochish rejalashtirilmoqda.

2019/2020 o‘quv yilidan pedagogika OTMlarida xalq ta’limi sohasida menejment bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.