«O‘zbekiston sovg‘alari» ko‘rgazma Toshkent shahridagi Sayilgoh ko‘chasida 22−23 sentyabr kunlari «Hunarmand» uyushmasi, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Savdo-sanoat palatasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi hamkorligida o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

«O‘zbekiston sovg‘alari» ko‘rgazma-savdosi hunarmandlikni yanada rivojlantirish, ishlab chiqarilgan yodgorlik turlarini kengaytirish va ularning ommabopligini aniqlash, sifat va dizayn ustida ish olib borish, chet ellik mehmonlarning mahsulotlarimizga bo‘lgan talab va ehtiyojini o‘rganishga xizmat qilishi shubhasiz.

— Unda yuzdan ortiq mohir hunarmandlar noyob asarlari bilan ishtirok etadi, — deydi «Hunarmand» uyushmasi rais o‘rinbosari Akobir Hakimov. — Eng muhim yangilik esa ishtirokchilarning mahorat darslarida ishtirok etishidir. Ular o‘z ko‘llari bilan loydan ko‘za yasab ko‘rishlari, ipakdan mato to‘qishlari, do‘ppiga naqsh tikishlari, beshik yasash jarayonlarida bevosita ishtirok eta olishadi.

Bu tadbirda dorboz o‘yinlari, kurash musobaqalari, milliy urf-odatlarimiz namoyishi, qo‘g‘irchoqbozlarning qiziqarli tomoshalari o‘tkaziladi.