10 sentyabr kuni Dehlida O‘zbekiston madaniyati kunlari ochildi. Marosim Hindiston Tashqi ishlar vazirligi forumlar saroyida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston elchisi Farhod Arziyev o‘z nutqida ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p asrlik ma’naviy-ma’rifiy aloqalar to‘g‘risida so‘zlab, o‘zbek-hind muloqoti bugungi kunda yangi sur’atlarda rivojlanib borayotganini ta’kidladi. U Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga amalga oshirilajak davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlikka yangi mazmun baxsh etishiga ishonch bildirdi.

Tadbirning asosiy qismi «Sirdaryo navolari» guruhi konsert dasturidan iborat bo‘ldi. O‘zbekistonning sayyohlik va madaniy salohiyati to‘g‘risidagi filmlar namoyish etildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston amaliy san’ati namunalari ko‘rgazmasi tashkil qilindi.

Uchrashuv doirasida Dehlida chop etilgan to‘rt jildlik o‘zbek tili darsligi taqdimoti ham o‘tkazildi.

O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasining «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, Madaniyat kunlari 14 sentyabrgacha davom etadi.