Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘iga biriktirilgan poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 65518 ta xonadonlar o‘rganilganda va aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar jarayonida fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan 1127 ta muammoli masalaga yechim topildi, deya xabar qildi boshqarma matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Joylarda o‘tkazilgan uchrashuvlarda sektor rahbarining amaliy ko‘magi bilan yashash sharoiti og‘ir bo‘lgan 6 ta xonadonning uy-joylari ta’mirlab yakuniga yetkazildi, 25 taxonadonda esa ta’mirlash ishlari davom ettirilmoqda.

Shuningdek, sektor tomonidan bugunga kelib hududda 8 ta bolalar maydonchasi qurib foydalanishga topshirildi. Hozirda 12 ta bolalar maydonchasi qurilishi yakunlanish arafasida.

Bundan tashqari, xomiylar tomonidan hududda istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj 34 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, 32 nafar fuqaroga protez-ortopediya vositalari, eshitish moslamalari, 363 nafar fuqaroga bepul dori-darmon vositalari, 1192 nafar fuqaro oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etildi, 80 nafar fuqaroga zaruriy maishiy-texnika jihozlari va 447 nafar fuqaroga moddiy yordam puli ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatildi.

O‘zbekiston mustaqilligining 27 yilligi munosabati bilan esa O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Toshkent shahar bo‘limining 300 nafarga yaqin a’zosi uchun xayriya tadbiri tashkil etilib, ular uchun bayram dasturxoni yozilib, milliy taomlardan osh tortildi. Toshkent DSB rahbari xayriya tadbirida ishtirok eta olmagan ko‘zi ojizlar jamiyatining 50 nafar a’zosining xonadoniga tashrif buyurdi. Ular holidan xabar olib, bayram taomi va sovg‘a salomlar ulashdi.