9 sentyabr kuni soat 09:00 larda Xorazm viloyati Urganch shahar Jayxun ko‘chasi hududidan oqib o‘tgan Shovot kanalidan ona va qizining murdalari topildi, deya xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

1988 yilda tug‘ilgan ayol X. va uning 2018 yilda tug‘ilgan qizi Urganch tuman Shoxidonar mahallasida istiqomat qilgan.

Tergovga qadar tekshirish davomida aniqlanishicha, X. turmush o‘rtog‘i M. va qaynonasi Z.ning tikuvchilik qilish uchun sharoit yaratib berishmagani va 1 sentyabr kuni turmush o‘rtog‘i uni ota-onasining uyiga olib bormaganidan xafa bo‘lib, hech kim bilan gaplashmasdan 8 sentyabr kuni soat 15:00 larda yashash uyidan voyaga yetmagan farzandi N. ni olib chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan.

Mazkur holat yuzasidan Urganch tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.