O‘zbekiston TIV Kun.uz saytida e’lon qilingan Tailandga kirishga ruxsat berilmagan fuqarolar videomurojaatiga munosabat bildirdi.

5 sentyabr kuni HY 533 reysi bilan sayyoh sifatida Bangkokka yetib borgan to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi aeroportda migratsiya xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi. Murojaatda qayd etilishicha, ularga qo‘lga olish sabablari ma’lum qilinmagan.

Videoyozuvda qo‘lga olinganlardan biri ular namligi yuqori bo‘lgan xonada saqlanayotganini aytgan. Ularga bir haftadan so‘ng Toshkentga qaytarib yuborilishi ma’lum qilingan.

«Bizning barcha hujjatlarimiz joyida, sayohat qilish uchun pulimiz yetarli. Shunday bo‘lsada, bizni shaharga kiritishmadi va qandaydir xonaga qamab qo‘yishdi» — deydi u.

O‘zbekistonning Bangkokdagi elchixonasi bilan bog‘landik. Lekin ular ham yordam bera olmasliklarini aytishmoqda. Iltimos, hurmatli Tashqi ishlar vazirligi xodimlari, bizga yordam bering. Bir hafta davomida qamoqxonaga o‘xshash zax xonada yotishni istamaymiz" — deyiladi videomurojaatda.

TIV Konsullik-huquqi departamenti qo‘lga olinganlar Q.Sa’dullayev, J.Qurbonov, A.Inog‘omov, A.Abdullayev ekanini aniqladi.

Ularning murojaatidan so‘ng O‘zbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi xodimi 7 sentyabr kuni vaziyatni voqea joyining o‘zida o‘rganish va zarurat bo‘lsa konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish uchun Bangkok aeroportiga bordi.

Tailand immigratsiya xizmati bo‘linmasining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur fuqarolarning mamlakatga kirishlariga rad javobi berilishiga ular tomonidan tashrif maqsadi, yashash joyi to‘g‘risida taqdim etilgan ma’lumotlarning shubha tug‘dirgani sabab bo‘lgan.

«Hozirgi vaqtda Bosh konsulxona O‘zbekiston fuqarolarini navbatdagi aviareys bilan mamlakatimizga qaytarish uchun Tailand tegishli hokimiyat organlari va „O‘zbekiston havo yo‘llari“ aviakompaniyasi vakolatxonasi bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi», — deyiladi xabarda.