Toshkent viloyati YHXB xodimlari bolalar ishtirokidagi yo‘l transport hodisalarining oldini olishga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Bu jarayonda viloyat YHXBning xotin-qizlar jamoasi ham faol ishtirokchi aylanmoqda. Ular muntazam ravishda ta’lim muassasalari, mahallalarda bo‘lib, yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib boradi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Yaqinda viloyat hududida tashkil etilgan «Diqqat bolalar!» tadbirida ham boshqarma xotin-qizlar jamoasi faol ishtirok etdi. Ular erta tongdanoq ko‘chalarga chiqib, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining yo‘ldan o‘tishiga ko‘maklashdi.

Maktabda dars boshlangandan so‘ng esa o‘quvchilarga yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha dastlabki ko‘nikmalarni berishdi.