2018 yil 8 sentyabr kuni Samarqand viloyati hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Unda «Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Samarqand va Navoiy viloyatlarida ijro etilishini o‘rganish natijalari muhokama etildi.

Tadbirda Qo‘mita a’zolari, xalq deputatlari Samarqand va Navoiy viloyatlari Kengashlari deputatlari, vazirlik hamda mutasaddi idoralar, Samarqand va Navoiy viloyatlari hokimliklari xodimlari, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari (XUJMSH) va ixtisoslashtirilgan tashkilot (kompaniya)lar rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, 2018 yilda Samarqand va Navoiy viloyatlaridagi ko‘p xonadonli uy-joylarni mukammal va joriy ta’mirlash, ularning tutash hududlarini obodonlashtirish dasturini amalga oshirish borasida muayyan ishlar olib borilmoqda. Xususan, dasturga muvofiq Samarqand viloyatida jami 26,7 milliard so‘m, Navoiy viloyatida jami 11,8 milliard so‘m mablag‘lar sarflanishi rejalashtirilgan.

Bu jarayonda ayniqsa bolalar maydonchalari, ko‘p xonadonli uylar oldidagi irrigatsiya tizimlarini yangidan qurish va ta’mirlash, piyodalar uchun mo‘ljallangan yo‘laklar hamda ko‘p xonadonli uylarga tashqi yoritish moslamalari o‘rnatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, pudratchi qurilish tashkilotlari o‘rtasida tanlov savdolari o‘tkazilgan va moliyalashtirish hamda qurilish-ta’mirlash ishlari boshlangan.

Shu bilan birga, majlisda Samarqand va Navoiy viloyatlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar hamda fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga qilgan murojaatlari tahlili, shuningdek XUJMSH faoliyati borasidagi aholining ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlari monitoringi natijasida XUJMSHning samarali faoliyat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qilayotgan va aholining noroziligini keltirib chiqarayotgan ayrim masalalar ham ko‘tarildi.

Xususan, shirkatlar rahbariyati tomonidan qurilish va ta’mirlashdagi nuqsonlar to‘g‘risida hujjatlar va kelgusi davrga mo‘ljallangan smetalar tuzmasdan badallar miqdorlarini o‘zboshimchalik bilan belgilash, shirkat a’zolari tomonidan qaror qabul qilish tartibiga rioya qilmagan holda XUJMSHni kreditlash, XUJMSH a’zolari va ayrim uy egalari tomonidan umumiy yig‘ilishlar tashkil etishda yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar sanab o‘tildi. Shuningdek, soxta bayonnomalar va boshqa hujjatlar tuzilishi, mablag‘lar sarflanishi to‘g‘risida kerakli hisobotlar yo‘qligi, olib borilayotgan ishlar sifati ustidan uy-joy egalari tomonidan samarali nazorat o‘rnatilmasligi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining XUJMSH faoliyatiga asossiz aralashuvi sohada yechimi kutayotgan muammolar sifatida e’tirof etildi.

Shuningdek, tadbirda ko‘p xonadonli uylar mulkdorlari hanuzgacha boqimandalik kayfiyatida ekanligi, aksariyat fuqarolar shaxsiy mulk qadri va ahamiyatini to‘liq anglab yetolmayotganligi qayd etildi.

Mulkdorlarning bunday munosabati, o‘z navbatida, XUJMSH a’zolari tomonidan ko‘p xonadonli uylarni va ular atrofini obodonlashtirish hamda ta’mirlash ishlariga sarflanadigan majburiy to‘lovlar kechiktirib kiritilishiga, ayrim hollarda esa majburiy to‘lovlar umuman to‘lanmasligiga olib kelmoqda.

Ba’zida XUJMSH kadrlarining salohiyati pastligi hamda ularning rahbar va xodimlari lozim darajada huquqiy madaniyati yetshmasligi yuqorida qayd etib o‘tilgan boshqaruv va ish yuritish bilan bog‘liq kamchilik va nuqsonlarga sabab bo‘layotgani ta’kidlab o‘tildi.

Majlisda o‘rganishlar jarayonida aniqlangan shu kabi kamchiliklar va ularni bartaraf etish yo‘llari atroflicha muhokama qilindi.

Muhokama yakuni bo‘yicha Oliy Majlis Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining uy-joy-kommunal xo‘jaligini yanada rivojlantirish maqsadida qonunchilikka o‘zgartishlar kiritish, sohaga oid qonun hujjatlarini qayta ishlab chiqish va ularda ko‘p xonadonli uylarni boshqarishning zamonaviy innovatsion shakllari va usullarini mustahkamlash yuzasidan tegishli qarori qabul qilindi.