O‘zbekiston ilk marotaba ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha Jahon kubogi finali «FEI World Jumping Challenge» musobaqasiga mezbonlik qilmoqda. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Qoidaga ko‘ra, ushbu «Chaqiriq kubogi» Xalqaro ot sporti federatsiyasi tomonidan tanlab olingan jahonning turli «sport mintaqalari"dagi eng kuchli chavandozlar ishtirokida bo‘lib o‘tadi. Ushbu musobaqa finalida yil davomida o‘z ligalarida g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin olgan sportchilar qatnashadilar. Umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, finalda 10 ta mintaqadan eng yaxshi 20 nafar sportchi ishtirok etadi.

Bu yil bahslarda 17 mamlakat vakillari o‘z omadini sinab ko‘rmoqda. Ular ichida o‘zbekistonlik ikki nafar chavandoz ham bor:

Saidamir Turg‘unboyev — 2017 yili Gonkongda o‘tkazilgan Osiyo chempionatining kumush medali sohibi.

Abdushukur Sobirjonov — shu yil oktyabr oyida Argentinada bo‘lib o‘tadigan III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari litsenziyasini qo‘lga kiritgan.

Ikki gitda bo‘lib o‘tgan saralash konkuri keskin kurashlarga boy bo‘ldi. Ikki kun davom etgan bahslar yakuniga ko‘ra, o‘zbekistonlik ham kuchli o‘nlikka kirishga muvaffaq bo‘ldi.

«FEI World Jumping Challenge Final"da sovrinli o‘rinlar uchun bahslar 9 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Aynan ushbu bellashuvlardan so‘ng musobaqaning g‘olibi nomi aniq bo‘ladi. G‘oliblik uchun bahslar jarima ochkolarisiz boshlanadi. Demak, barcha chavandozlarda g‘olib chiqish uchun imkoniyat bir xil.