O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Jizzax viloyati hokimiyati hamda Janubiy Koreyaning Yer, infratuzilmalar va transport vazirligi o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi, deya xabar qildi agentlik matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.Janubiy Koreya vazirligi hamda Korea Land & Housing Corporation, Deloitte Anjin, Posco Daewoo, Dohwa Engineering va boshqa davlat arxitektura-qurilish kompaniyalari vakillari Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, hudud infratuzilmasi bilan tanishdi.

Shaharsozlik, hududiy rejalashtirish sohalaridagi hamkorlik doirasida imzolangan uch tomonlama hujjatda Jizzax shahri bosh rejasi konsepsiyasi hamda viloyatning boshqa hududlari va aholi punktlari rejalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, seminarlar, anjumanlar, o‘zaro tashriflar va boshqa tadbirlarni tashkil etish orqali mutaxassislar va ekspertlar o‘rtasida tajriba va ma’lumot almashish belgilangan.