Jizzax viloyatida qishloq aholisi Jizzax sement zavodi atmosferaga chiqarayotgan ko‘p miqdordagi ohak kukuni va tuproq changidan shikoyat qilmoqda. Zavod faoliyati bilan tanishish uchun borgan «Xalq so‘zi» muxbirlari noqulay ekologik vaziyatga guvoh bo‘ldi.

«Mazkur zavod faoliyati va ishchi-xizmatchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish maqsadida korxonaga ertalab soat 8:10da tashrif buyurdik. Ammo bizga rahbariyat yig‘ilish o‘tkazayotgani va yig‘ilish ikki-uch soat davom etishini ma’lum qilishib, kutib turishimizni bildirishdi», — deb yozadi muxbir.

Foto: Baxtiyor Akromov / «Xalq so‘zi».

Hamza qishlog‘i aholisi bilan suhbatda ohak kukuni va tuproq changi apreldan buyon atmosferaga chiqarilayotgani ma’lum bo‘ldi.

«Har kuni ertalab soat 5−6 lardan boshlab ustimizga ohaktosh kukuni yog‘a boshlaydi va bu holat tushdan keyingi soat 16−17 larda kamaya boshlaydi. Biz bu vaqtda uydan chiqmaslikka harakat qilamiz. Baribir chang va kukun uy ichiga kirib ketadi. Bolalar bilan og‘zimiz va burnimizni berkitib olamiz. Qishloqning deyarli barcha aholisi kasallikka chalingan. Ishonmasangiz barcha uylarga kirib chiqing. Har kuni shu changda 5−6 kilometr yurib aravada suv tashiymiz. Uyga olib kelgan suvimiz yuvinishimizga bazo‘r yetadi», — deydi qishloqda yashovchi Hamida Normurodova.

«Men shu korxonada ekskavatorchi bo‘lib ishlayman, — deydi o‘zini tanishtirishni istamagan yana bir shu qishloqda yashovchi fuqaro. — Hozir ish vaqti. Tog‘da yuk ortishim kerak. Afsuski ishlay olmayman. Chang va ohak kukunini qarang ustingizdan chelak bilan quygandek bo‘lyapti. Bu turishda ishlab bo‘ladimi. Shamol o‘z yo‘nalishini o‘zgartirsa shunda ish boshlaymiz. Korxona rahbariyatining bundan xabari bor. Tozalovchi filtr kuyganiga necha oylar bo‘ldi. Uni tuzatish borasida amaliy harakatlar qilinmayapti. Bundan esa nafaqat mahalliy aholi vakillari, balki atrof-muhitga ham jiddiy zarar yetmoqda».

Foto: Baxtiyor Akromov / «Xalq so‘zi».

Cho‘ponlar, Oq-tom qishlog‘i aholisining aytishicha, keyingi besh oy davomida zavodda tozalash uskunalari ishlamasa-da zavod ishlab turgani uchun atrofdagi qishloqlar va cho‘ponlar juda katta zarar ko‘rishmoqda. Xususan, qo‘ylar ohak kukuni va sement tushgan o‘t-o‘lan va yantoqni yeyishi natijasida o‘tlab yurgan yoki g‘o‘rada o‘lib qolmoqda. Qishloqlarda badbo‘y havodan nafas olishning imkoni bo‘lmayapti. Poliz va boshqa ekinlar so‘lib qolmoqda.

Foto: Baxtiyor Akromov / «Xalq so‘zi».

Nashrning ma’lum qilishicha, korxona bir kecha-kunduzda to‘liq quvvat bilan ishlaganda havoga 10−12 tonna chiqindi chiqaradi. Biroq bugungi kunda zavoddan bir kunda 200 tonnaga yaqin chiqindi havoga chiqib ketmoqda.