O‘zbekiston-Misr biznes-forumi va kooperatsion birja ishtirokchilari tomonidan umumiy qiymati 470 million dollar bo‘lgan, shu jumladan Misr banklari bilan hamkorlikda 60 million dollarlik kredit bitimlarini o‘z ichiga olgan sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolandi. Tadbirlar Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdul-Fattah Said Husayn Xalil As-Sisining O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida amalga oshirildi. Bu haqda Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Savdo-iqtisodiy yo‘nalishning faol vakillarini birlashtirgan ushbu biznes-forum birinchi navbatda ikki davlat o‘rtasida savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi hamda turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi.

Tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev o‘z nutqida tovar ayirboshlash darajasi O‘zbekiston va Misrning ulkan iqtisodiy imkoniyatlariga mutlaqo mos kelmasligini ta’kidlagan holda mavjud zaxiralardan hamda imkoniyatlardan samarali foydalanish ikki mamlakat iqtisodiyotining salohiyatini ancha oshirishini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Tadbirda sohaga taaluqli vazirlik, idoralar, shuningdek Misr hamda O‘zbekistondagi yirik kompaniya va korxonalar rahbarlari ishtirok etishdi.

«Misrlik ishbilarmonlar O‘zbekistonni kelajakda nafaqat Markaziy Osiyoda, balki boshqa qo‘shni davlatlarda ham mamlakatlar bilan investitsiyaviy, texnologik va tashqi savdo aloqalarini kengaytirish uchun platforma yaratadigan ulkan salohiyatga ega davlat sifatida ko‘radi», — deb sharh berdi Misr Arab Respublikasi investitsiya va xalqaro hamkorlik vaziri maslahatchisi Reda Bebars.

Biznes-forum davomida tomonlar o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida ikki mamlakat o‘rtasida hududlararo aloqalarni o‘rnatish muhimligini ta’kidladilar. Bu borada 2018 yil avgust oyida Iskandariya va Namangan viloyatlari o‘rtasida tashqi savdo, investitsiya, madaniy, ijtimoiy, ilmiy-texnikaviy va sayyohlik sohalari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan shartnoma imzolangan edi.

Biznes-forum boshlanishidan bir necha soat avval ishtirokchilar turizm, farmatsevtika, elektrotexnika, noyob metallar ishlab chiqarish, meva-sabzavot va logistika markazini yaratish kabi o‘zaro manfaatli iqtisodiy loyihalar bo‘yicha muzokaralar olib borishdi. Natijada yuqorida aytib o‘tilganidek, jami 470 million dollarlik investitsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bir nechta shartnomalar imzolandi, jumladan, O‘zbekiston Milliy banki Afroekzimbank va Qohira banki bilan 60 million dollarlik kredit shartnomalari, shuningdek, paxta tolasi va mis quvurlarini yetkazib berish uchun 13 million dollarlik eksport shartnomalari imzolandi.

Bundan tashqari, ikki mamlakat savdo palatalari o‘rtasida ishbilarmonlar kengashini tuzish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Ushbu kengashning birinchi majlisi 2018 yil oxirigacha bo‘lib o‘tadigan hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishlari doirasida tashkil qilinishi rejalashtirilgan.

Ta’kidlash joizki, mazkur biznes-forum ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasidagi muzokaralar jarayonining mantiqiy davomidir. Dastavval 2018 yil avgust oyida Tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev boshchiligida O‘zbekiston delegatsiyasi savdo, investitsiyalar va sanoat kooperatsion aloqalarini rivojlantirish maqsadida Misr Arab Respublikasiga tashrif buyurgan edi. Tashrif doirasida hukumat a’zolari, sayyohlik, qurilish, farmatsevtika, neft va kimyo sanoati vakillari bilan 80 dan ortiq ikki tomonlama uchrashuvlar va muzokaralar tashkil etilgan. Shu bilan bir qatorda Iskandariya va Kalyubiya viloyatlarining sanoat ob’ektlariga tashrif uyushtirilib, B2B formatidagi 3 ta biznes-forum hamda kooperatsion birjalar o‘tkazilgan.

Tashrif yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Misr tashkilotlari hamda kompaniyalari bilan birgalikda o‘zaro savdo aloqalarini rivojlantirish, samarali ta’minot tizimini yaratish va mahsulotlarni o‘zaro bozorga olib chiqish maqsadida Qohira va Iskandariya shaharlaridagi ko‘rgazma zallari bilan savdo uylarini barpo etish boshlandi.