Baholovchi malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deyiladi vazirlikning telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali berilgan xabarda.

Baholovchi malaka sertifikatini olishga talabgor bo‘lgan shaxsga quyidagi talablar qo‘yiladi:

  • oliy iqtisodiy, yuridik yoki texnik ma’lumotga, baholovchi yoki baholovchining yordamchisi lavozimida bir yil ish stajiga ega bo‘lish;
  • qayta tayyorlash kursini tugatganligi to‘g‘risida sertifikatga ega bo‘lish.

Malaka imtihoninin topshirish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  • imtihon topshirishga ruxsat berish to‘g‘risidagi ariza;
  • so‘rovnoma;
  • pasport nusxasi;
  • oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomning nusxasi;
  • mehnat daftarchasining nusxasi
  • 3,5×4,5 hajmdagi 2 dona fotosurat;
  • qayta tayyorlash kurslarini tugatganligi to‘g‘risidagi sertifikat nusxasi;
  • xalqaro sertifikatga ega bo‘lganlar uchun xalqaro sertifikat nusxasi;
  • 184 ming 300 so‘m yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat;
  • Ariza tushgan kundan boshlab uch kunlik muddatda talabgorning imtihonga qo‘yilishi yoki qo‘yilmasligi haqida qaror qabul qilinadi.

Imtihon loyihani himoya qilish va imtihon savollari bo‘yicha suhbat o‘tkazishdan tashkil topadi va uzluksiz ravishda videoyozuvga (ovozli) tushiriladi.

Malaka imtihoni uchun maksimal ball 100 ball bo‘lib, bunda 50 ball loyiha himoyasi uchun va 50 ball savollarga javob uchun beriladi. 70 balldan yuqorini ball olganlar imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi.

Malaka sertifikati 5 yillik muddatga beriladi va uning amal qilish muddati besh yillik muddatga uzaytirilishi mumkin.

Malaka imtihonidan o‘tmaganlar o‘ttiz kalendar kuni ichida yozma apellyatsiya berish huquqiga ega.