O‘zbekiston va Rossiya bosh vazirlari Abdulla Aripov hamda Dmitriy Medvedov O‘zbekiston hududida atom elektr stansiyasini qurish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi, deya xabar qildi RF hukumati matbuot xizmati. Marosim 7 sentyabr kuni Moskvada Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 19-yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha bo‘lib o‘tdi.

Bitim O‘zbekiston hududida atom elektr stansiyasini loyihalashtirish, qurish, foydalanishga topshirish va foydalanishdan chiqarish bo‘yicha hamkorlikni ko‘zda tutadi. Mazkur AES Rossiya loyihasi bo‘yicha suv-suv energetik reaktor asosidagi har biri 1,2 GVt quvvatga ega bo‘lgan ikkita energoblokdan tarkib topadi.

O‘zbekiston hukumati atom elektr stansiyasini qurishda yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qaror uchun Rossiya Federatsiyasi rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi.

«Bu O‘zbekiston prezidenti tomonidan qabul qilingan juda muhim qaror, — dedi Abdulla Aripov. — Biz rossiyalik hamkasblarimizga mazkur masalaga o‘ta asosli, fundamental yondashgani va O‘zbekistonga sherik sifatida munosabatda bo‘layotgani uchun minnatdorchilik bildiramiz».

RF hukumati rahbari O‘zbekiston bilan atomdan tinch maqsadda foydalanish sohasidagi hamkorlik amaliy ahamiyat kasb etganidan mamnun ekanini bildirdi. U maydonchada qidiruv ishlari boshlanganini ma’lum qildi.