Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi «Yo‘l harakati xavfsizligi kunini o‘tkazish va yo‘l-transport hodisalari profilaktikasining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida Toshkent viloyati YHXB tomonidan tadbir tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ma’lumki, O‘zbekistonda haftaning har juma kuni «Yo‘l harakati xavfsizligi targ‘ibot kuni» o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan viloyat yo‘l patrul xizmati inspektorlari bugun erta tongdan o‘z xizmat faoliyatini maktab va kollejlarda o‘quvchi bolalarni yo‘ldan xavfsiz o‘tishini ta’minlashdan boshladi.

Ular fuqarolik jamiyati institutlari va Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotlari bilan hamkorlikda o‘quv muassasalari, yo‘lovchi tashuvchi tashkilotlar va odam ko‘p to‘planadigan joylarda «Yo‘l harakati qoidalariga so‘zsiz rioya qilaylik» mavzusida targ‘ibot ishlarini amalga oshirdi.

Aholi, ayniqsa, yoshlarning yo‘l harakati qat’iy rioya etishlarini ta’minlash, noxush holatlarning oldini olish maqsadida tarqatma materiallar — qo‘llanma, buklet va flayerlar tarqatildi.