Jizzax viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tashabbusi bilan bolalarni yo‘l-transport hodisalaridan asrash maqsadida serqatnov yo‘l bo‘ylarida joylashgan ta’lim muassasalari oldidagi piyodalar o‘tish joylariga yangi innovatsion g‘oyalar asosida o‘quvchilar mulyaji o‘rnatildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

— Ushbu ogohlantiruvchi belgining o‘zgacha ko‘rinishi haydovchini hushyorlikka chaqirishda yaxshi samara beradi, — deydi viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi katta inspektori kapitan Erkin Ochilov. — Amalda qo‘llab kelinayotgan belgiga qaraganda, ko‘zga ancha olisdan va yaqqol tashlanadigan o‘quvchi mulyaji haydovchini transport vositasining tezligini kamaytirishga undashi aniq.

Ayni paytda bunday belgilar Jizzax shahri va tumanlardagi serqatnov yo‘l bo‘ylarida joylashgan barcha ta’lim muassasalariga o‘tish joylariga o‘rnatildi.

Shuningdek, viloyatda o‘tkazilayotgan «Diqqat, bolalar!» tadbiri doirasida ichki ishlar yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari yangi o‘quv yilining ilk kunlarida maktablarda bo‘lib, yo‘l harakati qoidalarini tushuntirmoqda. O‘quvchilarda uydan maktabga va maktabdan uyga borishda yo‘llarda xavfsiz harakatlanish yuzasidan ko‘nikma hosil qilish maqsadida ochiq darslar, suhbatlar o‘tkazilayotir. Bunda shu yil birinchi sinfga chiqqan o‘quvchilarga alohida e’tibor qaratilmoqda.