2018 yil 7 sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va xalq deputatlari Yakkasaroy tuman Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar, deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, mahalla raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib bordi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda poytaxt hududlari, shu jumladan Yakkasaroy tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid dolzarb masalalar barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari diqqat markazida turgan vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosi doirasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Shu nuqtai nazardan qo‘shma majlisda mas’ul vazirlik va idoralar hamda Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani hokimliklari rahbarlarining prezident tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi axborotlari eshitildi. Shuningdek tumanda sog‘lom ovqatlanishni tashkil qilish va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.

Yakkasaroy tumani poytaxtning maydoni bo‘yicha eng kichik ma’muriy hududi hisoblanib, Toshkent shahrining markaziy qismida joylashgan. Tumanda bugungi kunga kelib, umumiy qiymati 391 mln. 403,2 ming dollar, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 147 mln. 600 ming dollar bo‘lgan 66 ta loyiha ro‘yxati shakllantirildi. Shundan 2018 yilda jami 79,6 mln. dollarlik 25 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, sanoat yo‘nalishiga 3,1 mln. AQSH dollari, xizmat ko‘rsatish va turar joy yo‘nalishiga 76,5 mln. AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltiriladi. Buning samarasida 1 448 ta yangi ish o‘rni yaratish nazarda tutilgan.

2018 yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar zamonaviy mehmonxona, biznes-markaz, muz saroyi, avtoturargoh va ko‘p qavatli uy-joy qurilishiga yo‘naltirilmoqda.

Ta’kidlanganidek, Yakkasaroy tumanida jami 6512 ta yakka tartibdagi uy va 500 ta ko‘p qavatli uyda 21233 ta xonadon mavjud. Tumanda"Obod mahalla" dasturi ijrosini ta’minlash va uyma-uy yurish jarayonida Respublika ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilib, unda yechimini kutayotgan muammolar yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Majlisda Yakkasaroy tumanidagi Shohjahon, Belariq, To‘qimachi va boshqa qator mahallalar xududida joylashgan, o‘tgan asrning o‘rtalarida qurilgan, bugungi kunda yashash sharoitlari eskirib, antisanitariya holatiga kelib qolgan ko‘plab uy-joylar buzilishi bilan bog‘liq muammolar alohida ko‘rib chiqildi. Me’yoriy hujjatlar talablariga javob bermaydigan uy-joylar o‘rniga xususiy investorlarni jalb etgan holda zamonaviy turar joy komplekslari, mehmonxona, biznes markazlari qurishga oid takliflar kiritildi. Bunda muammoni asosan tijorat banklari kreditlari, xorijiy investorlar mablag‘lari jalb etish hisobiga hal qilishga e’tibor qaratildi.

Qo‘shma majlisda xalq deputatlari Yakkasaroy tuman Kengashi deputatlari tomonidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan ta’sirchan nazorat olib borish, ko‘tarilgan masalalarni deputatlik so‘rovi, tuman Kengashi komissiyalarida ko‘rib chiqish orqali hal qilishga ko‘maklashish zarurligi uqtirildi.

Shuningdek, majlisda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar tartibli o‘tkazilishini deputatlar va keng jamoatchilik tomonidan nazorat qilish masalasi muhokama qilindi.

Majlisda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va xalq deputatlari Yakkasaroy tuman Kengashining qo‘shma qarori qabul qilinib, unda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosini parlament, deputatlar va jamoatchilik tomonidan nazorat qilish choralari nazarda tutilgan.