Buxoro viloyat prokuraturasi tomonidan fuqaro Sh. Sirojev Vobkent tuman IIB navbatchilik qismi maxsus avtomashinasida to‘satdan vafot etganligi holati yuzasidan 17.08.2018 yilda viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari tomonidan JKning 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Sh. Sirojevning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertizasi tayinlanib, sud tibbiy ekspertning birlamchi ma’lumotiga ko‘ra, Sh. Sirojevning o‘limi tilning orqaga ketishi oqibatida yuqori nafas yo‘llarining berkilishidan kelib chiqqan mexanik asfiksiya natijasida yuzaga kelganligi aniklangan.

Ish yuzasidan sud tibbiy, biologiya, kriminalistika, trasologiya va boshqa qator sudga oid ekspertizalari tayinlangan.

Vobkent tuman IIB xodimlarining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.