7 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o‘rinbosari S.Ortiqovaning YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (DIIHB) saylov bo‘yicha departamenti rahbari o‘rinbosari R. Lappin boshchiligidagi YeXHT DIIHB va Venetsiya komissiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi loyihasi uni takomillashtirish uchun takliflar va tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida muhokama etildi.

Ma’lumki, ushbu hujjat tegishli xulosalar olish uchun xalqaro tashkilotlarga, shu jumladan YeXHT DIIHB va Venetsiya komissiyasiga yuborilgan edi. YeXHT DIIHB va Venetsiya komissiyasi rahbariyatining axborotiga ko‘ra, ularning O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasi bo‘yicha qo‘shma xulosasi Venetsiya komissiyasi tomonidan joriy yil 18−20 oktyabr kunlari Venetsiya shahrida bo‘lib o‘tadigan uning 116-yalpi majlisida qabul qilinadi.

Ta’kidlash lozimki, YeXHT DIIHB va Venetsiya komissiyasi saylovlarni kuzatish va saylov amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish sohasida nufuzli xalqaro tashkilotlar hisoblanadi. Tashkilotlar tomonidan saylov, referendumlar va siyosiy partiyalarga doir masalalar yuzasidan 130 dan ortiq xulosa tayyorlandi va 60 dan ziyod hujjat qabul qilindi.