6 sentyabr kuni Toshkentdagi «O‘zbekiston» sport majmuasida kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti sovrini uchun xalqaro musobaqa o‘tkazildi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Bahslar mutlaq vazn toifasida tashkil qilindi. Jahonning 40 ga yaqin mamlakatidan polvonlar ishtirok etgan musobaqa finaliga ikki nafar o‘zbekistonlik kurashchi yetib bordi. Bekmurod Oltiboyev va Sherali Jo‘rayev o‘rtasidagi final bellashuvida esa Sheralining qo‘li baland keldi va yakunda u musobaqa g‘olibiga aylandi.

Sherali oltin medal bilan birga musobaqa g‘olibi uchun atalgan 50 000 AQSH dollari miqdoridagi mukofot puliga ham ega chiqdi.

Ikkinchi o‘rin sohibi Bekmurod Oltiboyevga 25 000 AQSH dollari nasib qildi. Bronza medalini qo‘lga kiritgan sportchilar Aslan Kambiyev (Rossiya) va Temur Rahimov (Tojikiston) esa 10 000 AQSH dollarini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, 5−8 o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchilarga 1250 AQSH dollari miqdorida mukofot topshirildi.