6 sentyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shahrisabzda Xalqaro maqom san’ati anjumani ochilish marosimida ishtirok etib, nutq so‘zladi.

«Mamlakatimizda birinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu san’at bayramida dunyoning 73 ta davlatidan kelgan 300 ga yaqin ishtirokchilar va mehmonlar qatnashmoqda. Ularning orasida nafaqat o‘z yurtida, balki jahon miqyosida ham mashhur xonanda va sozandalar,madaniyat va san’at arboblari,musiqashunos olimlar borligi barchamizga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi», — dedi prezident o‘z nutqida.

Maqom san’ati haqida so‘zlar ekan, prezident bu noyob boylikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, undan dunyo ahlini bahramand qilish, kelgusi nasllarga bezavol yetkazish turli qit’a va mamlakatlar vakillarini bu go‘zal maskanda mujassam etgan anjumanning asosiy maqsadi ekanini ta’kidlab o‘tdi.

«Samarqand viloyatining Mo‘minobod qishlog‘idan topilgan 3 ming yillik nay cholg‘usi, Termiz yaqinidagi Ayritom arxeologik yodgorligida aks etgan sozandalar tasviri va boshqa ko‘plab misollar milliy musiqa san’atimiz, hech shubhasiz, boy va qadimiy tarixga ega ekanidan dalolat beradi», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

«Xalqimiz badiiy tafakkurining mahsuli bo‘lgan „Shashmaqom“, ya’ni, olti maqomni, ta’bir joiz bo‘lsa, olti azim daryoga qiyoslash mumkin. Bu daryolar asrlar davomida jahon madaniyat ummoniga quyilib, uni har tomonlama to‘ldirib, boyitib kelmoqda. Shuning uchun ham bu muazzam musiqiy durdona YUNESKO tomonidan jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgani chuqur ma’no va ahamiyatga ega, deb o‘ylayman», — dedi prezident o‘z nutqida.

«Agar biz asl, haqiqiy san’atni bilmoqchi, o‘rganmoqchi bo‘lsak, avvalo mumtoz maqom san’atini bilishimiz, o‘rganishimiz kerak. Agar biz san’atni, madaniyatni ko‘tarmoqchi bo‘lsak, avvalo mumtoz maqom san’atini ko‘tarishimiz kerak. Maqom ohanglari, maqom ruhi va falsafasi har bir inson qalbidan, avvalo, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizning ongi va yuragidan chuqur joy olishi uchun bor imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz zarur», — dedi davlat rahbari.

«O‘ylaymanki, bugungi anjuman oldimizda turgan muhim nazariy-amaliy muammolarni atroflicha muhokama qilish, bu borada xalqaro tajriba, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, Internet imkoniyatlaridan keng foydalanish, turli madaniy va ijodiy tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, o‘zaro bordi-keldilarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi ayni muddao bo‘lur edi», — deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident o‘z nutqi so‘ngida barcha ishtirokchilarni xalqaro maqom anjumani ochilgani bilan tabriklab, anjuman ishiga muvaffaqiyat tilaydi.