2018 yil 4 sentyabrda «Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 1 maydan boshlab ilgari xususiylashtirilgan, biroq hozir qurilishi tugallanmagan ob’ektlar hamda maydoni 1 ming va undan ortiq m2 ni tashkil etuvchi foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarining mulkdorlariga nisbatan ancha keskin choralar qo‘llanila boshladi. Yuridik shaxslar YASTdan umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tdilar, bunday ob’ektlar uchun mol-mulk solig‘i va yer solig‘i stavkasi 2−10 baravar oshdi, ularning mulkdorlariga nisbatan soliqlar bo‘yicha imtiyozlar va preferensiyalarni qo‘llash to‘xtatildi.

Bu ishbilarmonlar faolligini oshirdi — 1,5 mingta korxona faoliyati tiklandi va 12 mingta ish o‘rni yaratildi.

Endi mazkur tartib, mulk huquqining vujudga kelish asoslari va egallagan maydon hajmidan qat’i nazar, barcha toifadagi qurilishi tugallanmagan ob’ektlar, bo‘sh turgan binolar, noturar inshootlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlariga (bundan keyin — foydalanilmayotgan ob’ektlar) nisbatan tatbiq etiladi. Ya’ni ob’ekt qachonlardir xususiylashtirilgan yoki xususiylashtirilmaganligi muhim emas, shuningdek u egallagan kvadrat metrlar ham ahamiyatga ega emas (ilgari yirik ob’ektlar yuzasidan e’tiroz bildirilgan, yuqoriga qarang).

Shu tariqa, 2018 yil 15 senyatbrdan boshlab foydalanilmayotgan ob’ektlar mulkdorlari — yuridik shaxslarga quyidagi ta’sir choralari qo‘llaniladi:

soddalashtirilgan soliqqa tortish tartibidan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni umumbelgilangan tartibda to‘lashga o‘tkazish;

mol-mulk va yer soliqlarini 2 karra miqdorda to‘lash, 6 oy o‘tgandan so‘ng — 5 karra, 12 oy o‘tgandan so‘ng va keyinchalik — o‘rnatilgan stavkaga nisbatan 10 karra miqdorda to‘lashga o‘tkazish (DSQga soliqlarni oshirilgan stavkalar bo‘yicha hisoblash va hisoblangan summalarni soliq to‘lovchilarning shaxsiy kartochkalariga kiritish huquqi berildi);

qonunchilikka muvofiq taqdim etilgan soliq imtiyozlari va preferensiyalar amal qilishini to‘xtatish.

Foydalanilmayotgan ob’ektlardan samarali foydalanish bo‘yicha idoralararo komissiyalar (viloyat darajasida) va tegishli ishchi guruhlar (tuman darajasida) bunday ob’ektlarni aniqlaydilar.

Jiddiy o‘zgartirish — inventarlash paytida ob’ekt maydonining 50 foizi (bitta bino yoki noturar joy konturi doirasida) tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) ishlab chiqarishga jalb etilmagan bo‘lsa, u foydalanilmayotgan deb topiladi. Ilgari komissiya ob’ekt so‘nggi 12 oy bo‘sh turganini isbotlashi zarur edi. Bundan tashqari, ob’ektni sotib (qayta rasmiylashtirib) yoki uni sotuvga qo‘yib, vaqtincha (3 oy) muammodan qutulish imkoni bo‘lmaydi. Bu «tuynuk» yopib qo‘yildi.

Xullas, inventarlashdan so‘ng Davlat raqobat qo‘mitasining hududiy organi ob’ektdan samarali foydalanish bo‘yicha takliflarni taqdim etish haqida mulkdorga so‘rovnoma yuboradi. Mulkdor 2 oylik muddatda «yo‘l xaritasi» ko‘rinishida unga javob berishi kerak, unda ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish ob’ektini barpo etish, ob’ektni aniq ijarachilarga taqdim etish, muayyan investorlar (sheriklar)ni jalb etish va h.k. nazarda tutilishi mumkin. Foydalanilmayotgan ob’ekt faoliyatini tiklashning aniq muddatlari va moliyalashtirish manbalarini ko‘rsatish talab etiladi.

«Yo‘l xaritasi» yuqori turuvchi tashkilot (mavjud bo‘lgan taqdirda) bilan kelishiladi va idoralararo komissiya tomonidan tasdiqlanadi. «Yo‘l xaritasi» taqdim etilmasa yoxud ijro etilmasa, qanday yo‘l tutiladi? Idoralararo komissiya yuqorida ko‘rsatilgan ta’sir choralarini qo‘llash haqida xulosa chiqaradi. Mulkdor xulosa bilan tanishganidan keyingi oydan boshlab unga nisbatan yuqorida ko‘rsatilgan choralar kuchga kiradi.

Tadbirkorlik sub’ektlariga ruxsat beruvchi tusdagi hujjatlarni berish vazifasi yuklangan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning aybiga ko‘ra investitsiya loyihasini amalga oshira olmagan mulkdorlarga nisbatan ta’sir choralari qo‘llanilmaydi.

Mulkdorlar — jismoniy shaxslarga nisbatan ham choralar qo‘llanilmaydi.

«Yo‘l xaritasi"ni taqdim etgan va amalga oshirishni boshlaganlar mulkdorlardan idoralararo komissiyaning mulkdor (uning roziligi bo‘lgan taqdirda boshqa tashabbuskorlar, sh. j. ijaraga oluvchilar) tomonidan «yo‘l xaritasi» (investitsiya loyihasi) taqdim qilingan, shuningdek, uning amalga oshirilishi haqidagi xulosasi sanasidan keyingi kalendar choraklikdan boshlab sanksiyalar olib tashlanadi.