O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 5 sentyabrda «Korporativ, loyiha boshqaruvi va davlat xaridlari sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining telegramdagi kanali orqali xabar berildi.

Mazkur qaror bilan oliy ta’lim muassasalariga, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish muassasalariga, ularning mulkchilik shakli va bo‘ysunuvidan qat’i nazar, masofaviy o‘qitishni tashkil etish huquqi berildi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2018 yilning 1 oktyabriga qadar mazkur muassasalarda masofaviy o‘qitishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.