O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan sport jihozlari va inventarlarni xarid qilishda shaffof tizimni yaratish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab quvvatlash, ular orasida eng ilg‘or sifat ko‘rsatkichi yuqorilarini o‘rganish maqsadida joriy yilning 7 sentyabr kuni Toshkent shahridagi Taekvondo WTF assotsiatsiyasining sport zalida ko‘rgazma tashkil qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 martdagi «Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni muvofiq jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishda xalqaro standartlarga javob beradigan sifatli mahalliy sport asbob-uskunalari va inventarlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda qo‘llab-quvvatlash vazifalari belgilangan edi. Mazkur ko‘rgazma qaror ijrosining bajarilishi doirasida o‘tkazildi.

Ko‘rgazmani Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev ochdi. Tadbirda 15 ga yaqin mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘zlari ishlab chiqargan 90 dan ortiq turdagi mahsulotlari bilan ishtirok etishdi. Unda yoshsportchilar tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar amalga oshirildi. Xususan, gimnastika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zahiralari bolalar-o‘smirlar maktabi o‘quvchilari, boks va dzyudo bo‘yicha, Toshkent shahar yakkakurash sport turlariga ixtisoslashgan bolalar-o‘smirlar maktabi o‘quvchilari, taekvondo WTF, o‘zbek jang san’ati sport turi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.

Joriy yilda respublikadagi sport inshootlari uchun Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 90 turdagi 30 mlrd. so‘mlik sport jihozlari va inventarlarini xarid qilish rejalashtirilmoqda. Ularning barchasi mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalardan sotib olinib, g‘oliblarni aniqlashda shaffof va adolatli tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilar, sport sohasi vakillari va barcha qiziquvchilar mazkur ko‘rgazmada ishtirok etdi.