O‘tgan hafta oxirida ijtimoiy tarmoqlarda ayol kishining kichik yoshdagi bolasini tizzasiga olib mashina boshqargani tasvirlangan videorolik tarqalgan edi.

Sevimli TV telekanalining Zamon dasturiga intervyu bergan haydovchi Munojot Sadriddinova sakkiz yillik haydovchilik tajribasiga ega ekani va bunga qadar Yo‘l harakati qoidalarini buzmaganini ma’lum qildi.

«Ikki yoshu uch oylik farzandim yig‘ladi. U ko‘nmagach ona sifatida oldimga olishga majbur bo‘ldim. Qo‘ylik mavzesidan Ibn Sinogacha yo‘l — juda uzoq masofa. Uni qoldirganimda yo‘l bo‘yi yig‘lardi, shuning uchun majbur bo‘ldim», — dedi u.

Haydovchi u qiyin vaziyatda qolganida videoga olinganini «ortiqcha» deb baholadi. «Yo‘l harakati qoidalarini buzganim uchun chin dildan afsusdaman. Kelgusida [qoidalarni] buzmaslikka harakat qilaman», — dedi Munojot Sadriddinova.

IIBBdan «Gazeta.uz"ga ma’lum qilinishicha, ayolga nisbatan chora ko‘rilib, profilaktik suhbat o‘tkazilgan.