O‘zbekiston OAV jurnalistlari tarixda ilk bor O‘zbekistondagi ta’lim muassasalarida zo‘ravonliklar muammosini faol yoritish masalasini muhokama qilish uchun jam bo‘ldi. 6 sentyabr kuni Toshkentda YUNISEF tomonidan shu mavzuga bag‘ishlangan anjuman tashkil etildi.

Maktablarda o‘quvchilar pedagoglar, boshqa o‘quvchilar tomonidan bosimga uchrashi, ruhiy jarohatlar olishi mumkin.YUNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, Yer yuzida har besh daqiqada besh nafar bola zo‘ravonliklar sababli hayotdan ko‘z yummoqda. Butun dunyodagi maktablarda 150 million bola zo‘ravonlik va tazyiqlarga duch keladi, bu sayyoradagi 13−15 yoshli bolalarning yarmi degani.

Maktablarda mazkur jarayonning barcha ishtirokchilari — tazyiqlar tashkilotchilari ham, qurbonlar ham, kuzatuvchilar ham jarohat oladi. Bolalar o‘ziga ishonchni yo‘qotadi, o‘qish va davomati yomonlashadi. Tizimli tazyiq va zo‘ravonliklar bola ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, kelgusidagi muvaqqatlar imkoniyatidan mahrum etishi mumkin.

Anjumanda YUNISEF mutaxassislari jurnalistlarga bolalar muammolarini yoritish uslublari haqida ma’lumotlar taqdim etdi. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi va defektolog Ra’no Makarenko O‘zbekiston maktablaridagi tazyiqlarning o‘ziga xosliklari va zarur islohotlar haqida so‘zlab berdi.

«Har bir ota-onaga shuni yetkazishimiz kerakki, farzandingizni maktabda urib, kamsitishayotgan bo‘lsa, bu — normal holat emas. Kaltak va janjallar bolangizni kuchli qilib, chiniqtirmaydi, ular faqatgina unga zarar yetkazadi. Afsuski, ko‘plab ota-onalar nafaqat bunday «tarbiya"ni yoqlaydi, balki o‘zlari ham uyda zo‘ravonlikka qo‘l uradi. Bularga qarshi bilim berish orqali kurashish kerak», — dedi Ra’no Makarenko «Gazeta.uz"ga.

Zo‘ravonliklarga qarshi kurashda samarali usul sifatida Ra’no Makarenko pedagoglarni konfliktologiyaga o‘qitish, maktabda ijtimoiy xodim shtatini yuritish, psixologlarni keraksiz vazifalardan ozod qilish, maktablarda zo‘ravonliklarga munosabat bildirish bayonnomasini yaratish hamda kuzatuv kameralarini o‘rnatish orqali maktab hududi xavfsizligini ta’minlashni taklif qildi.

Anjuman ishtirokchilarining qayd etishicha, avvallari O‘zbekistonda maktablardagi zo‘ravonliklar keng yoritilmagan. Bu muammo mavjud emas deb hisoblangan. Jurnalistlar OAVda maktablardagi zo‘ravonliklar mavzusini doimiy ravishda ko‘tarib chiqish va islohotlarga chaqirish, ota-ona va pedagoglarni o‘qitish zarurligi haqida xulosa yasadi.