5 sentyabr kuni taxminan 14:00 da Toshkentning Shayxontohur tumanidagi «Shayx Zayniddin» qabristonida 1975 yilda tug‘ilgan erkak kishining qotillik alomatlari bo‘lgan jasadi aniqlandi, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki ma’lumotnomasiga ko‘ra, E.M. ning o‘limi bo‘yin a’zolarining to‘liq shikastlanishlariga, bo‘yin umurtqalarining sinishlariga va orqa miyaning to‘liq uzilishiga olib kelgan bo‘yin oldi yuzasi kesilgan yarasi va bo‘yin orqa yuzasi kesilgan-chopilgan yarasi, chap yelka sohasi qontalashi, o‘tkir qon yo‘qotish, shuningdek ichki a’zolarining kam qonligidan kelib chiqqan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov davomida 1974 yilda tug‘ilgan B.K. jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.